Dunyo tasviriy sanʼati tarixida bugungi O‘zbekiston hududidan topilgan ko‘plab sanʼat namunalari alohida o‘rin tutadi. Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududidagi Tavka qo‘rg‘onidan topilgan devoriy suratlar, Termiz yaqinidagi arxeologik qazilmalar natijasida qo‘lga kiritilgan turli haykalchalar, Varaxsha, Panjikent va Afrosiyob devoriy suratlari Vatanimizda azal-azaldan sanʼatning bu turi keng taraqqiy etganini ko‘rsatadi. Ushbu devoriy suratlarda qadimgi hukmdorlar siymosidan tashqari ajdodlarimizning o‘sha davrga xos turmush tarzi, mashg‘ulotlari, turli marosimlar va urf-odatlar, diniy qarashlar, xalqaro munosabatlar aks etgan.
Tavka qo‘rg‘oni qadimgi Toxaristonning yirik maʼmuriy va madaniy markazlaridan biri hisoblangan. O‘tgan asrning 80-yillarida akademik E.V. Rtveladze boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan o‘rganilgan bu qo‘rg‘on bir paytlar suvayirg‘ich va bojxona o‘tkazish punkti vazifasini o‘tagan.
Mazkur yodgorlikning eng nodir namunalaridan biri uning devorlarida aks etgan suratlar, jumladan Toxariston malikasi tasviridir.
_1.webp)
Maʼlumotlarga ko‘ra, islomgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoda hukm surgan davlatlarda ayollar boshqaruviga ham keng o‘rin ajratilgan. Tavka qo‘rg‘oni ham Toxaristondagi mahalliy turkiy malikalardan biriga tegishli bo‘lgani taxmin qilinadi.
Tavka oyim nomi Surxondaryo hududida keng yoyilgan “Alpomish” dostonida ham tilga olinadi. Doston syujetiga ko‘ra, Tavka oyim Alpomishni yoqtirib qoladi va unga turmush qurishni taklif qiladi. Alpomish uning taklifiga ko‘nmagani bois malika uni zindonband qiladi. O‘z yori Barchinoyga sadoqatli Alpomish yetti-yil Tavka oyimning zindonida yotadi. Xalq orasida qadimiy qo‘rg‘on ham bevosita Tavka nomi bilan atalishi bu ayolning tarixiy shaxs bo‘lganiga ishora qiladi.
Demak, Tavka oyim V–VI asrlarda arablar kelguniga qadar, Eftalitlar yoxud G‘arbiy Turk xoqonligi davrida Toxaristonni boshqargan malikalardan biri bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Suratda oq tanli, kulcha yuzli, qisiqko‘z, qorasoch zodagon ayol tasvirlangan. Bir qarashda uning turkiy qavmlarga mansub ekanini ilg‘ash qiyin emas. Malika chap tomonidagi nomaʼlum suhbatdoshiga maʼnoli boqib turibdi. Qora, uzun zulfi bo‘ynigacha tushgan, oltin baldog‘iga tegib turibdi. Boshida malikalarga xos bezakli (do‘ppiga o‘xshash) bosh kiyimi. Bo‘ynida ham ro‘molga o‘xshash oq tusli guldor mato tashlab olgan. Orqa tomondagi moviy fonda oq rangli nomaʼlum dumaloqsimon figura ko‘rinadi. Malika kechki payt ochiq osmon ostida o‘tirgandek tasavvur uyg‘otadi.
