Madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan Qonun ko‘rib chiqildi

Madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan Qonun ko‘rib chiqildi

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Soliq, Shaharsozlik, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”, “Muzeylar to‘g‘risida” hamda “Yer qaʼri to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

 

Kiritilayotgan o‘zgartishlar asosan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat organlari vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan.

 

Shuningdek, amaldagi qonunchilikdan Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.

 

Qayd etish joizki, ushbu Qonun madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi faoliyatining samaradorligini oshirishga, qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.