Sulton Ali Mashhadiy Husayn Boyqaro davrining mashhur xattoti bo‘lgan, Alisher Navoiy asarlaridan ham ko‘chirgan. Hazrat Navoiy ham Sulton Aliga nisbatan katta hurmat va himmat ko‘rsatgan. U ham Navoiy asarlarini ko‘chirishda mehnatini ayamagan. Mavlono Azhar Hiraviy uni farzandlikka olib, otasidek mehribonlik bilan tarbiyalagan. Yoshi 63 ga yetganda ham Sulton Ali husnixatda yagona bo‘lgan. U 1513-yilda Mashhadda vafot etgan.
Mazkur madhiyanoma qahqaro (xatni boshlagan joyda tugatish) usulida nasta’liq xatida ko‘chirilgan bo‘lib, yashil va ko‘k bo‘yoqlarda yozilgan. Savol-javob tariqasida bitilgan.

Qog‘oz, tilla suvi, siyoh, bo‘yoq. O‘lchami: 27 × 18 cm
Hazrat Amir Alisherga yozilgan madh
Alloh nomi bilan. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Alloh nomi bilan.
Ishq bir jarayon — biz uning bir zarrasimiz, xolos, U (Alloh) bizsiz va biz Usiz bir nafas bo‘la olmaymiz.
U har nafasda nag‘ma chalib (bizni chorlaydi), balki nay kabi ( nola qilib) O‘ziga tortadi. Bu satrlarning bir qanchasi (el orasiga) yoyilgan, ba’zisi esa nazmda — she’rda bitilgan. Bu (satrlar) sidq (to‘g‘ri, rost) niyat va tabiatning xolis (sof) qalamidan to‘kilgan.
Agar biror kishi: “Inson vasl maqomiga yetganmi?” — deb savol qilsa va: “Xudodan uzoqlik hikoyati va Hijron shikoyatiga sabab nima?” desa, javob shudirki, toki odam bolasi dunyoviy hayotdadir – fano haqiqati undan uzoqdadir va vujud baqosi unga asar qilib turadi. Va, modomiki, unda (insonda) vujud boqiyasi (qoldig‘i, asari) mavjud ekan, u butkul vaslga erisholmaydi (vasli tamomga yetolmaydi). Yoki bu hikmat (fikr)ni vasldan keyin unda hosil bo‘lgan ahvolga nisbatan aytadilar. Buni Hijob (parda) ahli g‘aflati tanbeh uchun ham aytadi.
Agar birov komil bo‘lsa — u vosildir. Vosillarda Jononga yaqinlik hosil bo‘ladi. Ularning far’i (qismi) aslga (butunga) bog‘lanadi. Ularning (ishning) istagi g‘avvos (tufayli) hikmat dengizi qa’ridan qatralar misol nutq sohiliga chiqadi va hikoyatu shikoyatlar ko‘rinishida paydo bo‘ladi, kashf-u futuhda emas.
Buni Buyuk Vohib (tuhfa ato qiluvchi) va Oliy Murotib (Oliy tartiblovchi — Alloh)ning xos bandasi uchun tuhfa qildim. Va buni insoniy fazilatlar va muqaddas siyratlar ila shiddat bilan zafar qozongan kishiga xizmat tariqasida yozdim.
Amiri kabir Amir Alisher madhida.
