Jahon fani tarixida birinchi ilmiy globus yaratuvchisi sifatida 1492-yilda o‘z ixtirosini taqdim etgan nyurnberglik savdogar va dengizchi Martin Behaym nomi mustahkam o‘rnashgan.
Biroq tarixiy manbalarning chuqur tahlili shuni ko‘rsatadiki, bundan qariyb besh asr avval, Xorazm zaminida, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tomonidan yaratilgan globus nafaqat mavjud bo‘lgan, balki o‘z davri uchun misli ko‘rilmagan ilmiy aniqlikka ega bo‘lgan.
Beruniyning o‘zi qoldirgan avtobiografik ma’lumotlar globusning nafaqat yaratilgani, balki ayanchli taqdiri haqida ham so‘zlaydi. Beruniy yoshlikda to‘plagan barcha ilmiy materiallari va mehnatlari samarasi “to‘satdan yetgan balo” tufayli yo‘q bo‘lib ketganini afsus bilan qayd etadi. Bu “balo” tarixchilar tomonidan Xorazmda 995-yilda yuz bergan siyosiy to‘ntarishlar va beqarorlik bilan bog‘lanadi. Manbashunos olim P.G.Bulgakovning yozishicha, o‘shanda Beruniy o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lgan va uning ko‘p yillik mehnatlari, jumladan, ehtimol, o‘sha noyob globus ham yo‘q qilingan. Bulgakovning fikricha, globus taxminan 990 – 995-yillar oralig‘ida, Xorazmning qadimgi poytaxti Kat shahrida yaratilgan.
_1.webp)
Beruniy globusining ilmiy ahamiyati uning o‘zidan oldingi barcha namunalardan tubdan farq qilishida edi. Bu shunchaki Yerning dumaloq tasviri emas, balki aniq matematik hisob-kitoblarga asoslangan ilmiy asbob bo‘lgan. Olimning maqsadi - Ptolemeyning nazariy modelini Markaziy Osiyo geograflari, savdogarlar va sayyohlardan to‘plangan amaliy ma’lumotlar bilan boyitish edi. U o‘z davrining Battoniy kabi mashhur astronomlarining hatto qiblani aniqlashdagi xatolarini ham tanqid qilib, yuksak aniqlikka intilgan. Shu tariqa Beruniy globusi geografik koordinatalar to‘riga ega, o‘sha davr uchun ma’lum bo‘lgan shahar va joylarning o‘rni aniq belgilangan mukammal kartografik ish bo‘lishi kerak edi.
Martin Behaymdan qariyb besh asr muqaddam, Xorazmning ilmiy muhitida yosh Beruniy tomonidan yaratilgan globus jahondagi birinchi ilmiy globuslardan biri bo‘lgan. Garchi tarixning shafqatsiz bo‘ronlari bu noyob yodgorlikni bizgacha yetib kelishiga imkon bermagan bo‘lsa-da, uning mavjudligi haqidagi dalillar olimning asarlarida saqlanib qolgan. Bu esa nafaqat Beruniy dahosiga, balki Markaziy Osiyo birinchi Renessansi davri ilm-fanining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga yorqin bir misoldir.
Manba: UzA
