Buxoro amiriga sovg‘a qilingan durbin. Kim, qachon, qayerda?

Buxoro amiriga sovg‘a qilingan durbin. Kim, qachon, qayerda?

Bu antiqa uskuna Buxoro davlat muzey–qo‘riqxonasi qoshidagi Ark o‘lkashunoslik muzeyi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan. 

Buxoro amiriga sovg‘a qilingan durbin. Kim, qachon, qayerda?

Durbin tarixiga nazar solish uchun XIX asrning 40-yillarini yodga olishga to‘g‘ri keladi. O‘sha yillar Rossiya imperiyasi va Buxoro amirligi munosabatlarida muhim davr bo‘ldi. 1841–1842-yillarda Konstantin Fyodorovich Butenyov boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi Buxoroga keladi. Bu safar tarixda “Butenyov elchiligi” nomi bilan mashhur. Ayrim manbalarga ko‘ra, missiyaning asosiy maqsadi Afg‘oniston va Eron orqali Turkistonga kirib kelishga intilayotgan Angliya taʼsirini cheklash, Buxoro bilan Rossiya o‘rtasida iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash, o‘lkaning yer osti boyliklari hamda geologik tuzilishni o‘rganish, shuningdek, savdo-sotiq va diplomatik munosabatlar bo‘yicha maʼlumotlar to‘plashdan iborat edi.

 

Butenyov Amir Nasrullaxon bilan uchrashadi. Muloqot davomida unga sovg‘a-salom, jumladan, jumladan Yevropada ishlab chiqarilgan durbin tuhfa qiladi. Durbinning tashqi qismi ko‘k fonda, unda yashil va sariq bargsimon, o‘simlik tasvirli naqshlar ishlangan. Uning to‘rtta asosiy qismi bir-birining ichiga kiritilgan holda yasalgan bo‘lib, ko‘rish qismi maxsus moslama bilan yopiladi. Optik tuzilishiga kelsak, buyumning linzalari yon-atrofni kattalashtirib ko‘rish imkonini bergan. Linza korpusida “W. ASHMORE / DAY or NIGHT / LONDON” degan yozuv bor.

 

XIX asrda Angliyaning W. Ashmore fabrikasi ishlab chiqargan bunday durbinlar odatda dengizchilar yoki sayohatchilar uchun mo‘ljallangan. U bunday turdagi buyumlarning qo‘lda oson ko‘tarib yuriladigan, ko‘chma turiga mansub. Ko‘proq umumiy kuzatish va yo‘nalish olish maqsadida ishlatilgan. Asosiy qismi jez yoki latundan yasalgan bo‘lib, charm yoki yog‘och qoplamasi bilan bezatilgan.

 

Buyum to‘liq holda saqlanmagan, oxirgi qismi yo‘qolgan. Manbalarga ko‘ra, durbinning metall rezvalik tomoniga yog‘ochdan yasalgan yakuniy asosiy qism ulangan. Salkam 200 yillik tarixga ega bu eksponat XIX asrdagi diplomatik aloqalarni yorituvchi qimmatli tarixiy ashyo hisoblanadi.

 

Manba: "Xalq so'zi" nashri