Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) tomonidan Samarqand shahri 2025-yilda Islom dunyosi madaniy poytaxti deb e’lon qilingan edi.
Joriy yilning 26-27-may kunlari Samarqand “Islom dunyosining ma’naviy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, she’riyat va hamjihatlik” xalqaro forumi hamda “Samarqand shahri – 2025-yil Islom dunyosi madaniyat poytaxti” tadbirlariga mezbonlik qilmoqda. Tadbirlarda ICESCO tashkilotiga a’zo 20 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etadi.
Bugunda O‘zbekistonning ICESCO bilan ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Tashkilot tomonidan 2007-yilda Toshkent shahri, 2020-yilda Buxoro shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi hamda ICESCO tashkiloti bilan hamkorlikda 2021-yil sentyabr oyida Xiva shahrida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” nomli xalqaro madaniy forum o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: ICESCO o‘z faoliyatini 1982-yil may oyida boshlagan. Bosh qarorgohi Rabot (Marokash) shahrida joylashgan. Hozirda tashkilotga 54 ta mamlakat a’zo hisoblanadi. 2019-yildan Bosh direktor lavozimini Salim bin Muhammad al-Malik egallab kelmoqda.
Tashkilot madaniy merosni asrash, tarixiy-me’moriy obidalar va yodgorliklarni qayta tiklash, muzeylar va qo‘lyozmalarni ta’mirlash, ilmiy tadqiqot tadbirlari, jumladan konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazib keladi. Shuningdek, har yili a’zo davlatlarning ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, atrof-muhit, madaniyat vazirlari yig‘ilishlari o‘tkaziladi.