O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari F.Abduholiqov boshchiligidagi delegatsiya vakillari London shahridagi Christie‘s va Sotheby‘s auksion uylarida bo‘ldi.
Tashrif davomida Christie‘s auksion savdo uyining Islom va Hindiston sanʼati bo‘limi boshlig‘i Sara Plambli mazkur tashkilot tarixi va faoliyati bilan qisqacha tanishtirdi. Tashkilotda mavjud bir qator nodir eksponatlar, tasviriy sanʼat asarlari haqida maʼlumot berdi. Ushbu auksion uyida temuriylar davri kitobat sanʼati taʼsirida yaratilgan “Xamsa” asari, “Shams va Mushtariy” dostoni, shuningdek, Firdavsiyning “Shohnoma”, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”, Hofizi Abruning “Majmaʼ ut tavorix” qo‘lyozmalari saqlanmoqda.
Maʼlumot uchun, Christie‘s auksion savdo uyiga 1766-yilda angliyalik kolleksioner Jeyms Kristi tomonidan asos solingan. Bugungi kunda Christie‘s auksion savdo uyi fransiyalik milliarder Fransua Pinoga qarashli. Parij, Milan, Moskva, Nyu-York singari yirik shaharlarda mazkur auksion uyining vakolatxonalari bor.
Shundan so‘ng, delegatsiya vakillari Londondagi yana bir auksion savdo uyi – Sotheby‘s auksion savdo uyiga bordi. Delegatsiyaga Sotheby‘s auksion savdolari bo‘limi rahbari Benedikt Karter, savdo uyining masʼul xodimi Maryam Farhodiy hamrohlik qildi. O‘zbekistonlik mehmonlar savdo uyida saqlanayotgan VIII asrga mansub sug‘diylar libosi, somoniylar davriga tegishli bo‘lgan sopol idishlar, qoraxoniylar davriga tegishli kumush ko‘za, qadimiy binolarga oid koshinlar, mamluklar, abbosiylar, elxoniylar va temuriylar davrida ko‘chirilgani taxmin qilingan Qurʼoni karim qo‘lyozmalari, O‘zbekiston hududi ikki uch asr muqaddam yaratilgan gilamchilik va kashtachilik namunalari, Boburiylar davri miniatyuralari bilan tanishdi.
Maʼlumot uchun, Sotheby‘s auksion savdo uyi shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yirik savdo tashkiloti sanaladi. Mazkur savdo uyiga Londonda 1744-yilda kitob savdogari Samyuel Beyker tomonidan asos solingan. Ayni paytda dunyoning 10 dan ortiq mamlakatlarida o‘z filiallariga ega bo‘lgan ushbu kompaniyaning bosh ofisi Nyu-Yorkda joylashgan.