
Bu haqda, Qirg‘iziston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Murat Jumatayev shunday dedi:
– Markaziy Osiyo hududida sodir bo‘lgan voqealar, uning tarixi dunyo hamjamiyatini shunchaki qiziqtirmaydi, bularni bilish, avvalo, insoniyat qayerga qarab yurishini bilish uchun kerak. Zero, O‘rta Osiyo xalqlari uzoq vaqt bir hududda yashab, ilm-fan, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishgan va bu davr Uyg‘onish davri deb atalgan. Endi bizni bunga qanday qaytishimiz qiziqtiradi. Global o‘zgarishlar ro‘y berayotgan hozirgi vaziyat ham xalqlarimizni birlashishga, madaniyatimizni yot unsurlarga qarshi turishiga undaydi. Binobarin, O‘zbekiston tashabbusi va “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi, Butunjahon jamiyati kongresslari umumiy o‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimizni bir joyga yig‘ish, muhokama qilish imkonini beradi. Bu juda yaxshi g‘oya. Ko‘rinib turibdiki, yillar davomida ulkan ishlar qilingan – 6 yil davomida 60 ta kitob-albom yaratilgan. Bu juda yaxshi natija. Va agar biz Uyg‘onish davri haqida gapiradigan bo‘lsak, u nafaqat bir davlat chegarasida, balki butun Markaziy Osiyoda hamma narsa bir-biriga bog‘liq bo‘lishi kerak.
Qirg‘izistonda O‘zbekistonning madaniy merosiga oid juda ko‘p tarixiy materiallar mavjud va qirg‘iz olimlarining ishlari yangi kitob-albomlarda o‘z aksini topishi uchun bu loyihada faol ishtirok etishimiz kerak. Buning uchun bizda hamma narsa bor – istak, materiallar, tadqiqot natijalari va menimcha, loyiha bundan faqat boyib boradi. Darhaqiqat, bugungi kunda siyosiy muhit juda qulay.
Yaqinda Qirg‘izistonda Markaziy Osiyoning beshta davlati prezidentlari uchrashdi, uch davlat o‘rtasida yangi do‘stlik va hamkorlik shartnomasi imzolandi. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar birligini yana-da mustahkamlash bo‘yicha tashkilotlarimizga, olimlarimizga aniq topshiriqlar beriladi.
Taʼkidlash joizki, kongress ishida 250 dan ortiq jahonga mashhur sharqshunos olimlar: 5 ta xalqaro tashkilot prezidentlari, 34 davlatdan muzey va kutubxonalar direktorlari, Fanlar akademiyalari prezidentlari, professorlar, sanʼatshunoslar, tahlilchilar va olimlar, milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda. Butundahon jamiyati “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi asosida tashkil etilgan va 2018 yilda Parijda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan. Loyihaning bosh homiysi «Eriell Group» neft konlari xizmatlari kompaniyasi hisoblanadi.






























