
Samarqandda Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VI Xalqaro kongressi yakuniga yetdi. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning yangi 10 ta jildi (51–60-jildlar) taqdimoti keng ko‘lamdagi Kongressning asosiy voqeasi bo‘ldi. Bugun dunyoning 25 dan ziyod mamlakatidan 350 dan ortiq olimlar, 100 dan ortiq kutubxona va jahonning mashhur muzeylari ustida ishlagan suratli kitoblar kolleksiyasi 60 jildga yetdi. Diqqatga sazovor joyi shundaki, bu yil ushbu katta turkumning navbatdagi jildi ustida tojikistonlik olim, filologiya fanlari doktori, Tojikiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi direktori Shodimuhammad So‘fizoda ish boshlaydi. U tojik fondlarida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganadi, bu haqda Dialog.TJ. uchun bergan sharhida batafsil so‘zlab berdi.
“Oxirgi yillarda ikki Prezidentlarimizning oqilona siyosati tufayli O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hayotning barcha jabhalarida hamkorlik qilish uchun noyob imkoniyat tug‘ilganidan benihoya xursandman. Biz, olimlar uchun bu xayrli ish. Ilgari bo‘linib ketgandik, bizda o‘zaro muloqot, hamkorlik qilish imkoni yo‘q edi. Bir tomondan o‘zbeklar, bir tomondan tojiklar – biz bir-birimizga muhtojmiz, chunki umumiy jihatlarimiz ko‘p. Bizning madaniy, yozma merosimiz umumiy. Bularning barchasini tadqiq qilish, jonlantirish, tarixning unutilgan sahifalarini qayta tiklashimiz kerak.
Va o‘zimiz ham ishtirok etayotgan “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” nomli aynan ushbu loyiha tufayli biz bu madaniyat obyektlari qanchalar muhimligini, turli xalqlar va mamlakatlarni ular qanchalik birlashtira olayotganini ko‘ryapmiz. Bilamizki, madaniyat xuddi fizika fani Afrikada ham fizika bo‘lgani singari chegara bilmaydi va madaniyat – hamma joyda madaniyatligicha qoladi. Uning tamoyillari umuminsoniy.
Menga ushbu turkumdagi jildlardan biriga mualliflik qilishni taklif etishdi. Men tuzadigan jild Tojikiston fondlarida saqlanayotgan o‘zbek tilidagi qo‘lyozma merosiga bag‘ishlanadi. Fondimizning bu qismi – o‘zbek tilidagi qo‘lyozma kitoblar, afsuski, shu paytgacha o‘rganilmagan, chunki bizda o‘zbek tilini biladigan mutaxassislar, matnshunoslar bo‘lmagan. Shu sabab bu material shu kungacha o‘rganilmay qolgan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra birgina Tojikiston Milliy kutubxonasining qo‘lyozma merosi markazida o‘zbek va eski o‘zbek tilidagi 1500 dan ortiq qo‘lyozmalar saqlanadi.
Men ushbu mavzu bo‘yicha ishlayman. Hozir materiallarni yig‘ish, ularni tasniflash, tahlil qilish jarayoni ketmoqda. Shu sabab, hozir konseptual jihatdan aniq bir gap ayta olmayman, lekin umid qilamanki, ushbu o‘rganilmagan ulkan fondni tadqiq etish natijasida qandaydir yaxshi va foydali natijalarga erishamiz, chunki o‘zingizga ma’lum, XVIII–XIX asrlarda adabiyotimiz vakillari ikki tilda ijod qilganlar. Bu jildlarni birinchi ko‘rib chiqqanimdayoq o‘zbek shoirlarining devonlari sahifalarida Hofiz, Sa’diyning ko‘plab g‘azallaridan yozuvlar borligini bildim. Adabiy did va qandaydir o‘zaro aloqalarni aniqlash nuqtai nazaridan bular bizga tadqiqot uchun juda ko‘p ma’lumot beradi va umid qilamanki, bu ishni oxiriga yetkazaman va u juda qiziqarli bo‘ladi”.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 2022 yilning 22–24 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan tadbir doirasida dunyoning 35 dan ortiq mamlakatidan kelgan taniqli sharqshunos olimlarning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo madaniy merosiga bag‘ishlangan 100 dan ziyod ma’ruzalari tinglandi.
Kongress ishida 250 dan ortiq dunyoga mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etdi. Ular orasida 33 ta taniqli xalqaro muzeylar direktorlari, 15 ta milliy muzeylar direktorlari, 6 nafar xalqaro tashkilotlar vakillari, 15 dan ziyod akademiklar, 20 dan ziyod professorlar va 20 dan ziyod fan doktorlari bor. Tojikiston delegatsiyasi tarkibida Milliy fanlar akademiyasi vakillari, Tojikiston Milliy kutubxonasi hamda Tojikiston Milliy muzeyi rahbariyati bor edi. Ularning barchalari o‘z ma’ruzalari bilan muvaffaqiyatli chiqishlar qildilar.






























