Naqshlarining ma'nosi hali ochilmagan "dasht" kashtachiligi

Naqshlarining ma'nosi hali ochilmagan "dasht" kashtachiligi

Agar qishloq ayollari va shaharlik ayollar toʻy va boshqa marosim kunlarida uy va xonalarni bezatish uchun ishlatilgan kashtali devorpoʻshlarni tikishgan boʻlsa, ulardan hech qolishmaydigan, mahoratli kashtachi sanalgan dasht ayollari kashta bilan gilamlar, kichik xaltachalar va liboslarni bezatishgan. 

 

Dunyoga mashhur kashtachilar sirasiga XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida Oʻzbekiston janubida, Tojikiston va Shimoliy Afgʻonistonda yashab kelgan laqay va qoʻngʻirot urugʻining oʻzbek ayollari ham kiradi. 

 

Qoʻngʻirotlar hozir ham Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari aholisining salmoqli qismini tashkil etadi. Laqaylar esa XX asr boshlaridagi siyosiy tuzilmalar tazyiqi ostida Tojikiston va Afgʻonistonga koʻchib oʻtishgan. Afsuski, 1925-yildan keyin laqay va qoʻngʻirot kashtachilik anʼanasi asta-sekin susaya boshlagan. Va shuning uchun ham faqat ularning sanʼati gullagan davrdagi nodir mahsullargina bizni oʻzining ekspressiv ranglar uygʻunligi va sirli naqshlari bilan zavqlantiradi, xolos. 

Naqshlarining ma'nosi hali ochilmagan "dasht" kashtachiligi

Laqay va qoʻngʻirot kashtalarining eng muhim turi – xaltacha-ilgich (biror joyga osib qoʻyiladigan toʻrva) sanaladi. Ularning uch turi mavjud: taboqlov, ot-toʻrva, va uvuq-qop. Taboqlov – idishlarni saqlash yoki tashish uchun konvert shaklida toʻrtburchaklar yoki kvadrat toʻrvacha (tabaq – tovoq) sanalgan. Ot-toʻrva esa bayram paytida otlarning koʻkragiga osib qoʻyiladigan toʻrva boʻlib, u taboqlovdan ustki yopqichining yoʻqligi bilan farq qiladi (yaʼni u konvert shakliga ega emas). Uvuq-qop – koʻchish vaqtida otlarga ortish uchun ikki boʻlib, toʻplab bogʻlangan oʻtovlarning oʻqlarini, yaʼni sinch tayoqlarini joylashga moʻljallangan toʻrva hisoblanadi. Ilgichning bu turi choʻzinchoq beshburchak shakliga ega. Shakliga koʻra bu kashtachilik buyumi qoʻylarning junini qirqishga moʻljallangan qaychilarni saqlash uchun tayyorlangan qaychidon boʻlgan. Shuningdek, koʻchmanchilar hayotida juda ham qadrli sanalgan oynalarni saqlash uchun moʻljallangan – oynaxalta, choy solib qoʻyish uchun – choyxalta, pul solib qoʻyish uchun – pulxalta va boshqa yana koʻplab maxsus tikilgan xaltachalar mavjud boʻlgan.

 

Hozirgacha olimlar "dasht" kashtachilik naqshlarining mazmunini to'liq ochib bera olishmayapti. Ular orasida eng jumboqlilaridan biri – laqaylarning ayol gavdasiga oʻxshash oʻq qopida uchraydigan, ustida ikki tomonga tarvaqaylagan burama shox shaklidagi "qubbali (yoki gumbazli)" motiv hisoblanadi. Ushbu motivda qadimgi turkiylarning ilohasi, homilador ayollar homiysi, tangrichilik panteonidagi asosiy siymolardan biri – Umay ona bilan bogʻliq belgilar yaqqol koʻzga tashlanadi. Bachadon – Umay ismining maʼnolaridan biri, shuning uchun ham bu motivda bachadon obrazini koʻrishimiz uchun yetarli sabablar bor. 

Naqshlarining ma'nosi hali ochilmagan "dasht" kashtachiligi