O'zbekistonda so'nggi paytda qanday arxeologik yangiliklar kuzatilmoqda?

O'zbekistonda so'nggi paytda qanday arxeologik yangiliklar kuzatilmoqda?

Arxeologiya – yozma manba bilan tiklanadigan tarixdan farqli bir yo‘nalish. Arxeolog xuddi o‘tmish izquvariga o‘xshaydi. O‘zi yo‘q, izi bor tarixni o‘rganadi. Qazishma orqali topilgan buyumlarni (aksariyati siniq parcha, fragment) tizimlashtirib, tasnif qilib, undan keyin yozilmagan tarixni tiklashga harakat qiladi...

 

“Jadid” gazetasining 2026-yil 22-maydagi 21-sonida O‘zFA Milliy antropologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori Farhod MAQSUDOV bilan suhbat e'lon qilindi. Unda O‘zbekistonning arxeologik merosi, sohadagi yangiliklar, kashfiyotlar, jahon arxeologlari o‘rtasida rezonans uyg‘otgan topilmalar haqida so'z boradi.

O'zbekistonda so'nggi paytda qanday arxeologik yangiliklar kuzatilmoqda?

- O‘zbekiston boshqa mintaqalarga solishtirilganda arxeologik meros jihatdan boyroq hudud. Shuning uchun bugungi kunda O‘zbekistonda arxeologiya izlanishlari bir necha yirik tashkilotlarda olib boriladi. Masalan, Fanlar akademiyasi Antropologiya institutida. Madaniy meros agentligiga qarashli Samarqand arxeologiya institutida, O‘zbekiston Milliy universiteti arxeologiya kafedrasida, Farg‘ona, Termiz, Buxoro, Namangan, Nukusdagi mavjud kafedralarda, Urganchda Ma’mun akademiyasida arxeologlar ishlaydi. Ular o‘z hududlaridagi yodgorliklarni har yili yozgi mavsumda qazishma qilib ochadi. Mavsum bahorning so‘ngidan kuzning boshlarigacha davom etadi. Hammamiz dala sharoitlarida qazishmalarda qatnashamiz.

 

O'zbekistonda qo‘riqlanadigan, muhofaza qilinadigan arxeologik meros milliy ro‘yxatiga 4800 dan ortiq yodgorlik kirgan. Har yili ko‘plab yangi yodgorliklar qo‘shilyapti. Besh mingga yaqin degani, bu hazil narsa emas, bu – arxeologik jihatdan juda boy meros.

 

– Manbalarda “arxeologik artefakt” degan atama uchraydi. Shu iboraning mohiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Qadimgi joylarni ochishning o‘z usullari, metodlari bor. Tadqiqotlarning bugungi kunda ustuvor yo‘nalishlaridan biri arxeologik artefakt deyiladi. Artefakt – qadimgi davrga tegishli topilma, qazishmada qo‘lga kiritilgan narsa, buyum. Shuni o‘rganish uchun qanday yordam beradigan fanlar bo‘lsa, arxeologiya o‘sha fanlar sohasiga kirib boryapti. Masalan, bir tish topildi. Qolgan hamma suyaklar chirib ketgan. U tishni o‘rganish uchun osteologiya, anatomiyani bilish kerak, to‘g‘rimi? U tishning ichida o‘sha davrda nima yegan bo‘lsa, emaliga surtilib-surtilib saqlanib qolar ekan. Hozir kimyoviy laboratoriyalarda o‘rganib, mikroskop ostida ochib, izotop, stabil izotoplar orqali bu tish egasi qanday oziqlanganini topyapmiz. Demak, arxeologiya genetikaga, kimyoga, biologiyaga kirib boryapti.

Yer ostidagi qatlamlarni o‘rganamiz. Bu tuproqshunoslik, geologiya fani degani. Buni o‘rganish uchun qatlamlarni bilish kerak. Bu stratigrafiya deyiladi, qatlamshunoslik. Demak, suyaklardan o‘sha qadimgi davrda qanday kasalliklar bo‘lgani o‘rganilyapti hozir. Odam suyaklaridan uning qanday xastalikdan vafot etgani, hayoti davomida qanday kasalliklarni boshidan kechirgani, qorni to‘yib ovqatlanganmi yoki ocharchilikda yashaganmi, shulargacha aniqlanyapti. Buni arxeogenetika o‘rganib beryapti. Bu imkoniyat 20-30 yil oldingi arxeologiyada yo‘q edi.

 

– Bugun arxeologlar oldida qanday savollar javob kutib turibdi?

– Bugunda arxeologiya fanining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri boy arxeologik merosimizni keng targ‘ib qilish bilan bog‘liq. Bu – arxeologik yodgorliklarni to‘laligicha qazib ochib, ustini yopib, turizm obyektiga aylantirish, degani. Faqat xalqimiz emas, chet eldan kelganlar ham ko‘rsin, bizning madaniyatimiz qanday shakllangani bilan tanishsin, o‘z yurtidagi arxeologik yodgorliklar bilan solishtirsin. Bizning xalqimiz ham boshqa joylarga borganda shunday obyektlarni ko‘rib qiyoslasin, idrok qilsin. Bizning o‘tmishimiz qanday edi? Ota-bobolarimiz merosiga qanday qarashimiz kerak? Shularni bilsin, faxrlansin.

 

– So‘nggi paytda qanday arxeologik yangiliklar kuzatilmoqda?

– Ko‘p yillardan beri AQSHning Vashington universiteti bilan hamkorlikda ishlaymiz. AQSHlik professor-o‘qituvchilar va talabalar har yili yozda bir oyga kelib-ketishadi. Birgalikda O‘zbekistonning tog‘li hududlarida arxeologik yodgorliklarni qidiramiz va o‘rganamiz. Ularda texnologiya rivojlangan, o‘zlarining yangi uskunalarini olib kelishadi. So‘nggi olib kelgan uskunalaridan biri “Lidar” degan skaner dronga o‘rnatiladi va yoza boshlaydi. Bu qurilma katta ko‘lamdagi ishlarni tez bajarishga yordam beradi.

Zomin va Baxmal tumanlari hududida Tug‘unbuloq degan joy bor. Shu yerda 150 gektarlik shahar qoldig‘i borligini ham ayni shu dron orqali aniqladik. 2000 metr yuqorida joylashgan hudud. Oldin tog‘li joylarda kichik-kichik uychalar, turar joylar topilardi. Lekin u yerda qishloq yoki shahar darajasiga ko‘tarilish degan narsa fanda yo‘q edi. Qarang, bu joy Qoraxoniylar davrida shahar darajasiga ko‘tarilgan ekan. 250 yil davomida yashab, keyin tark etilgan ekan. Hozir ham bunday hududda shahar qurish oson emas. Ajdodlarimizni nima majbur qilgan bunda makon qurib, keyin tashlab ketishga? Besh yildan buyon har yili qazishma orqali o‘rganyapmiz. Sabablarini topish arafasidamiz.

Birinchisi, u yerdagi tog‘ geologik jihatdan temirga boy ekan. Ikkinchisi, u yer yaylov bo‘lgan. Bu joy qandaydir siyosiy, iqtisodiy markaz bo‘lishi kerak. Turkiy qavmlarning xoqoni yashagan bo‘lishi mumkin. Har ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan Shanxay arxeologlar forumi bor. Shu forumda O‘zbekistonda Jizzax, Zomin va Baxmal tog‘larida olib borilgan tadqiqotlar jahonning 10 ta eng yirik kashfiyotlaridan biri, deb e’lon qilindi. Bizga sertifikatlar berildi. Bu O‘zbekiston olimlarining amerikalik olimlar bilan hamkorlikdagi yutug‘i bo‘ldi.

Kofirqal'adagi Samarqand hukmdori xonasidan topilgan topilmalar

So‘nggi yillardagi yirik kashfiyotlardan yana biri – Kofirqal’a degan yodgorlik Samarqand arxeologiya instituti tomonidan o‘rganilyapti. Bu – qadimgi So‘g‘d  sivilizatsiyasiga oid markaz. Samarqanddan 25-30 km uzoqlikda joylashgan. Samarqandlik mutaxassislar Yaponiya, Italiya arxeologlari bilan hamkorlikda yodgorlikni o‘rganish jarayonida qiziqarli ma’lumotlar topyapti. Mana, qadimgi zardushtiylarga oid ibodatxonaga o‘xshash xona arablar bosqinida Islom diniga zid, deb yoqib yuborilgan. Yonib ketgan yog‘ochlarda o‘ymakorlik izlari bor. Chunki kul chirimaydi, ko‘mir chirimaydi. Yog‘och bo‘lganda, bugungi kungacha qolmas edi. Manbada Nana tasviri chizilgan – bu zardushtiylik dinida ayollik, unumdorlik tangrichasi hisoblanadi. O‘ta noyob. Tasvir qayta chizib chiqilganda, 1300 yil oldingi So‘g‘d madaniyati davriga oid kiyimlar, erkak va ayollarning soch turmaklari, hammasi ko‘rinib turibdi. Kiyimlarning ustidagi bezaklargacha ayon ko‘rinadi. Ko‘p muhim elementlar bor u yerda. Bu ma’lumotlar hech qanaqa yozma manbada yo‘q, bu tarix uchun kutilmagan juda katta ma’lumot. Topilma jahon ko‘lamida arxeologlar o‘rtasida shunday bir rezonans uyg‘otdiki, O‘zbekiston madaniyati ko‘rgazmasining asosiy eksponatlaridan biriga aylandi.