Dis muraqqalari ildizlari Istanbulga borib taqalishi tufayli Saroy muraqqalari nomi bilan ham ma’lum. Umumiy hisobda 450 nomdagi qimmatli ma’lumotlarni jamlagan muraqqalar kitobat san’ati ravnaqini o‘rganishda alohida ahamiyatga ega.
Muraqqalarda berilgan namunalarning katta qismi mo‘g‘ullar yoki ilxoniylar hukmronligi davridagi Eronga doir, deyish mumkin. Shuningdek, temuriylar davriga tegishli namunalar ham bor. Muraqqalarda nafaqat miniatyura va rasmlar, balki kalligrafiya, ksilografiya (yog‘ochga o‘yma naqsh solish) namunalari ham berilgan. Ba’zi miniatyuralar ancha avval yaratilgan bezakli qo‘lyozmalardan olingan, boshqalari esa qandaydir buyum yoki mahsulotlarga ko‘chirib o‘tkazish uchun xomaki nusxa, andoza vazifasini bajargan. Umuman olganda, Dis muraqqalari Markaziy Osiyo san’ati va adabiyotini o‘rganish uchun ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega.
Muraqqalarning mavjudligi 1956-yilgacha ilm-fanga ma’lum bo‘lmagan. 1964-yilda muraqqalarning barcha materiallari M.Sh. Ipshiro‘g‘li nashriyoti tomonidan “Saroy muraqqalari: (Saray Albums): Diez'sche Klebebände aus der Berliner Sammlung” nomi bilan chop etilgan.
Temuriylar hukmronligi davrida yaratilgan miniatyura: Amaldor (XV asr, Berlin kutubxonasi)

Amaldor kursida, chap oyog‘ini buklagan holatda o‘tiribdi. O‘ng qo‘lida tizzasida yotgan matoni ushlab olgan. Libosining ko‘krak va yelka qismlari yorqin rangli kashta yordamida pag‘a-pag‘a bulutlar va ikkita birbiriga qarama-qarshi turgan ajdarho tasviri bilan bezatilgan. Bel qismiga belbog‘ bog‘langan. Belbog‘ ichkarisidan xanjar suqib qo‘yilgan.
Mo‘ynali qalpoq ostidan boqqan horg‘in ko‘zlari, ixcham, biroz egik burni, kichik og‘zi, do‘mboq yonoqlari va baqbaqalari rassom tomonidan ideallashtirilgan obraz bo‘lsa-da, portretga o‘xshatishga harakat qilingan.
