"Salla katta, pul yo'q". Daniyalik sayyohning buxoroliklar bosh kiyimi haqida yozganlari

"Salla katta, pul yo'q". Daniyalik sayyohning buxoroliklar bosh kiyimi haqida yozganlari

Daniyalik leytenant Ole Olufsen XIX asr oxirida Buxoro amirligi va Xiva xonligiga ikki marta ekspeditsiyani amalga oshirgan. 1896-yilda unga do‘sti – leytenant Viktor Filipsen hamrohlik qilgan. 

 

Ikki daniyalik sayyoh shaxsan Buxoro amirining mehmoni sifatida kutib olinib, uning tasarrufidagi yerlarda sayohat qilish va Daniya Milliy muzeyi uchun etnografik buyumlar to‘plash imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Ularning kundaliklari va maqolalarida Amudaryo bo‘ylab sayohat, me’moriy inshootlarning hashamati va xonlik aholisining kundalik turmush tarzi batafsil tasvirlangan.  

 

Olufsen Markaziy Osiyoda to‘plangan moddiy buyumlarni Daniya Milliy muzeyiga topshirish chog‘ida har bir buyumning ro‘yxatini tuzib, ular haqida ma’lumot bergan.  Buyumlar qatorida qora va oq salla o'ralgan naqshinkor do'ppilar bor. Olufsen qora salla o‘ralgan naqshinkor do‘ppini shunday tavsiflagan:

"Salla katta, pul yo'q". Daniyalik sayyohning buxoroliklar bosh kiyimi haqida yozganlari

"Do‘ppi polotno o‘rilishida to‘qilgan qora paxta matodan tikilgan. Usti dumaloq matodan bichilgan, undan uchburchak qismi olib tashlangan, tekislangan konus shakliga ega. Gardishi qattiq, balandligi 4 cm, ustidan ko‘k jiyak tikilgan. Do‘ppi zanjir kashtasi bilan bezatilgan. Uslublashtirilgan naqshlar yuqori qismda porlagan quyosh ramzini, atrofidagi doiralar shaklida sayyoralar yoki gullar ramzini ifodalagan. Bo‘sh joylar bir-biriga tutashgan o‘simlik-gul naqshlari bilan to‘ldirilgan. Sariq, oq, ko‘kimtir va yashil ranglar uyg‘unligi ishlatilgan. Tepa qismi o‘rtaga kelib birlashadigan qisqa va uzun iplar bilan qavilgan. Astari – polotno o‘rilishida to‘qilgan ikki xil paxta matodan. Yuqori qismi – sariq yo‘lli qizil rangda, pastki qismi – yirik uslublashtirilgan gullar bosilgan och sarg‘ish rangda. Salla matosi – polotno o‘rilishida to‘qilgan quyuq ko‘k, deyarli qora paxta mato. Ikkala uchida turli rangdagi ipak iplardan to‘qilgan, 60 cm uzunlikdagi tasmalardan bezak qilingan. Chekkalaridan birida polotno o‘rilishida dag‘alroq paxtadan to‘qilgan matoda 4,5 cm enli chizig‘i bor".

Olufsen salla o‘ralgan do‘ppini kiyish haqida quyidagilarni yozgan: 

“Sochi qirtishlab olingan boshga kichkina, uchli, ip gazlamadan rangli iplar bilan, Makkaga borgan (hoji)lar uchun yashil rangli ip bilan tikilgan qalpoqcha (kallapo‘sh) kiyishgan. Kallapo‘sh atrofiga 14 fut uzunlikdagi muslin yoki paxta matodan salla o‘ralgan. Hozirda uning uzunligi 50 futgacha boradi. Ma’lumki, salla – taqvodor musulmonga hamroh doimiy bosh kiyimi. Uni har kuni kechqurun namozdan keyin yozish va har kuni ertalab yana qayta o‘rash kerak, lekin bu ishni hamma ham bajarmaydi. Misol uchun, badavlat odamlarda maxsus salla yoki tungi qalpoq bor, chiroyli o‘ralgan sallani yechganda, keyin yana oson kiyib ketish uchun bir chekkaga olib qo‘yiladi. Buxoroda chiroyli o‘ralgan salla alohida ahamiyat kasb etadi, sallani imkon qadar kattaroq o‘rash salobat baxsh etadi. Bu odat Yevropa ayollar shlyapalarida ba’zan ustunlik qiladigan urfdan unchalik farq qilmaydi. Buxoro uchun katta salla va pul yetishmovchiligi haqidagi “Salla katta, pul yo‘q” maqoli juda xosdir. Bu yerda oq sallani avval ruhoniylar kiyishgan, endilikda barcha amaldorlar va mansabdorlar kiya boshlashdi, qolgan fuqarolarga faqat qizil yoki ko‘k yo‘lli salla o‘rashga ruxsat beriladi. Amir va uning yuqori martabali amaldorlari ko‘pincha tilla yoki kumush yo‘lli matodan salla kiyishadi, bu juda chiroyli ko‘rinadi”.

"Salla katta, pul yo'q". Daniyalik sayyohning buxoroliklar bosh kiyimi haqida yozganlari