Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa va Qo‘qondagi Xudoyorxon saroylarida xalqaro standartlar asosida restavratsiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili Kamol Muxtorov YUNESKO maslahat organi – Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashi (ICOMOS)ning bosh direktori Selin Noges-Veber bilan shu masalada uchrashgan.

Uchrashuv davomida ICOMOS vakillariga O‘zbekistonning Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa saroyi va Qo‘qondagi Xudoyorxon saroyida restavratsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida maʼlumot berilgan. O‘zbekiston tomoni ishlarni xalqaro standartlarga muvofiq hamda ICOMOS va YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirish niyatida ekani aytilgan. ICOMOS vakillari ushbu tashabbusni olqishlab, ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirgan.
Sitorai Mohi Xosaning bugungi holati
O'zbekiston Madaniy meros agentligi yozishicha, Buxoro amirligining so‘nggi madaniy manifesti, Amir Olimxon davrida bunyod etilgan Sitorai Mohi Xosa saroyida namlik, sho‘rlanish, konstruktiv siljishlar hamda dekorativ qatlamlarning yemirilishi kuzatilmoqda. Mutaxassislar fikricha, saroyni saqlab qolish uchun oddiy ta’mir emas, balki zudlik bilan ilmiy konservatsiya va zamonaviy restavratsiya ishlari zarur.
"3D skanerlash, laboratoriya tahlillari va ilmiy monitoring orqali Sitorai Mohi Xosaning asl qiyofasini asrab qolish mumkin. Aks holda, biz nafaqat bir saroyni, balki butun bir tarixiy davrning moddiy xotirasini yo‘qotish xavfi bilan yuzma-yuz qolamiz", deyiladi Agentlik postida.
Sitorai Mohi Xosa - Sharq va G‘arb uyg‘unlashgan noyob me’moriy meros namunasi. Saroyda sharqona ganchkorlik, koshinkorlik va yog‘och o‘ymakorligi Yevropa interyer uslublari bilan uyg‘unlashgan. Ayniqsa, “Oq zal”dagi oynali bezaklar, Venetsiya ko‘zgulari va nozik ganch o‘ymakorligi Markaziy Osiyo me’morchiligida kam uchraydigan san’at namunasi hisoblanadi.


_dHvgBYx_1.webp)
