18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom sivilizatsiyasi tarixi va muqaddas maskanlar bilan bog‘liq noyob artefaktlarning maxsus ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Markaz axborot xizmati.

Tadbirning eng muhim jihatlaridan biri — Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida Londondan O‘zbekistonga olib kelingan noyob artefaktlarning jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida maxsus tarzda ochilgani bo‘ldi.
"Davlatimiz rahbari madaniy merosni izlash va qaytarish bo‘yicha maxsus ilmiy ekspeditsiyalar hamda fondlar tashkil etish vazifasini qo‘ygan edi. Bugun bu topshiriqlar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, YeXHT va London politsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus reyd davomida madaniy boyliklar aniqlanib, ularning bir qismi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu voqea nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro madaniy merosni muhofaza qilish sohasida ham muhim voqea sifatida baholanmoqda. Bugun esa Islom dini va muqaddas qadriyatlarimizga oid yana bir qator noyob yodgorliklar — Kisva parchalari, muqaddas buyumlar va tarixiy ashyolar yurtimizga olib kelindi. Qurbon hayiti arafasida xalqimizga taqdim etilayotgan bu bebaho tuhfalar yurtdoshlarimiz uchun katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda", - dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan XIX asrga oid muqaddas Ka’ba eshigining metall iplar bilan tikilgan pardasi — “Burqa” markaziy eksponatlardan biriga aylandi. 1880-yilga mansub ushbu yodgorlik muqaddas Ka’ba eshigini bezab turgan tarixiy yopinchiq sifatida ahamiyatli.
Shuningdek, XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oid Ka’ba kisvasining bir qismi — “Xizom”, Madinai Munavvaradagi Ravza maqbarasi yopinchig‘i — “Ravza” ham jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
Ekspozitsiyaning yana bir muhim qismi sifatida Ka’baning shimoliy qismi tomiga o‘rnatilgan zarhal suv oqizgich — “Mizob ar-Rahmon” taqdim etildi.
Shu bilan birga, “Muhammad” va “Alloh” yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar, XVIII asr oxiriga mansub “Daloil al-xayrot” hamda “Al-hizb al-a’zam” asarlaridan iborat noyob duo kitobi ham ko‘rgazmadan o‘rin oldi. 1793–1795-yillarda ko‘chirilgan mazkur qo‘lyozma kitob islom xattotlik san’ati va diniy adabiyot tarixining nodir namunasi sifatida mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.

Ko‘rgazma madaniy merosni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish va yoshlarda tarix hamda ma’naviyatga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyat kasb etadi.



