Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?

Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda WOSCU Buyuk Britaniyadan mamlakatimizga aloqador bebaho tarixiy-madaniy yodgorliklarni qaytarishga erishdi.

 

Qaytarilgan boyliklar orasida XV asrning ikkinchi yarmiga mansub, Temuriylar davri Hirot badiiy maktabiga oid tosh kenotaf alohida o‘rin egallaydi. Slanes toshidan ishlangan mazkur yodgorlik yuzasi murakkab epigrafik va naqshinkor bezaklar tizimi bilan bezatilgan bo‘lib, unda hazrat Ali nomi tushirilgan kufiy bitiklar, nasx va suls xatlaridagi matnlar, shuningdek, nozik ishlangan o‘simliksimon naqshlar mujassam. Kenotafning noyobligi unda Hofiz g‘azalining sheʼriy matni ham keltirilgan. Mazkur yodgorlik Markaziy Osiyo memorial sanʼatining yuksak namunasi bo‘lib, badiiy saviyasi jihatidan dunyoning yirik muzeylari kolleksiyalarida saqlanayotgan asarlar bilan tenglasha oladi. Kenotaf Art Loss Register orqali avval London art-bozorida aniqlangan.

Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?

"Temuriylar davriga mansub kenotaf taxminan to‘qqiz oy avval mutaxassislar ixtiyoriga kelib tushdi. Art-diler uning kelib chiqish qonuniyligiga shubha bildirib, obyektni keyingi tekshiruvlar uchun ixtiyoriy ravishda topshirgan edi. Biz O‘zbekistonning o‘z madaniy merosini asrash va ommalashtirish borasidagi faoliyatini yuksak baholaymiz. Shuningdek, Londondagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida o‘tkazilgan tadbir davomida namoyish etilgan milliy tashabbuslarning yuqori darajada taqdim etilganini alohida eʼtirof etamiz hamda kelgusida hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdormiz", - deydi Art Loss Register tashkiloti va uning rahbari Jeyms Redkliff.

 

Qaytarilgan artefaktlar orasida Kushon davriga (milodiy II–V asrlar) oid to‘rtta haykaltaroshlik asari alohida o‘rin tutadi. Ular qatorida diadema va uzun to‘lqinsimon soqol bilan tasvirlangan, ehtimol, kushon zodagonlaridan biriga mansub bo‘lgan bosh haykali mavjud. Mazkur yodgorlik Gandxara badiiy anʼanalarining taʼsirini namoyon etib, o‘sha davr zodagonlarga xos ikonografiyasining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi.

 

Shuningdek, to‘plamdan soch turmaklanishining o‘ziga xos ifodasi hamda lablarida qizil pigment izlari saqlanib qolgan Budda haykaliga oid bosh qismi ham o‘rin olgan bo‘lib, u Gandxara doirasiga mansub buddaviy haykaltaroshlik namunasi hisoblanadi.

 

Majmuani III–V asrlarga oid ikki terrakota bosh haykali to‘ldiradi. Ular yuz qiyofasining ifodali ishlanishi, diademalar va soch turmaklarining murakkab talqini bilan ajralib turadi. Ularning birida polixromiya izlarining saqlanib qolgani hududda ko‘p rangli haykaltaroshlik anʼanasi rivojlanganidan dalolat beradi.

Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?
Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?
Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?

Milodiy II–VIII asrlarga oid, qadimgi Markaziy Osiyoning badiiy muhitiga mansub monumental rangtasvir parchalari ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Ular orasida eng qimmatlisi – Budda sahnasi tasvirlangan devoriy surat parchasi bo‘lib, unda o‘tirgan Budda monaxlar va oddiy ibodat qiluvchilar qurshovida aks etgan. Kompozitsiya uslubiy va ikonografik jihatdan Qoratepa va Fayoztepa devoriy suratlari bilan bevosita uyg‘unlikka ega bo‘lib, hozirgi O‘zbekiston hududidagi ilk buddaviy sanʼatni o‘rganishda eng muhim manbalardan biri hisoblanadi.

Haykal boshlari, devoriy rasmlar, qabrtosh… Britaniyadan O‘zbekistonga nimalar qaytarildi?

To‘plamdan VII–VIII asrlarga oid, sug‘d badiiy anʼanalari bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha dunyoviy monumental rangtasvir parchalari ham o‘rin olgan. Ular qatorida naqshdor liboslar va qimmatbaho taqinchoqlarda tasvirlangan ayol qiyofalari mavjud bo‘lib, asarlar nafis chiziqli uslubda bajarilgan. Bu namunalar Panjikent devoriy suratlari bilan yaqin o‘xshashlikka ega bo‘lib, Sug‘d dunyoviy rangtasvir sanʼatining yuksak taraqqiyot darajasini aks ettiradi. Oq libosda, qo‘lida nazr sovg‘asini ushlab turgan erkak qiyofasi tasvirlangan parcha ham alohida eʼtiborga sazovor. U uslubiy jihatdan Kushon davri badiiy anʼanalari va Fayoztepa devoriy suratlariga yaqinligi bilan ajralib turadi.

 

Taqdim etilgan obyektlar mintaqa tarixining ming yildan ortiq davrini qamrab oladi, buddaviy, sug‘d va islomiy madaniy anʼanalarni o‘zida aks ettiradi hamda Markaziy Osiyo sanʼati tarixi bo‘yicha noyob manbalar hisoblanadi.