Berlin davlat kutubxonasida al-Qazviniyning "Ajoyib ul-maxluqot va g‘aroyib ul-mavjudot" asarining 9 ta qo‘lyozmasi bor. Qo‘lyozma fors va arab tillarida, nafis nasx xati bilan yozilgan. 295 sahifa va Samarqand ustaxonalarida mahorat bilan yaratilgan 201 ta go‘zal va nafis miniatyuralardan iborat.

Ma’lumot uchun: Berlin davlat kutubxonasi (Staatsbibliothek zu Berlin) – Germaniyaning yirik ilmiy kutubxonasi, u dunyoning nufuzli madaniy muassasalaridan biri bo‘lgan Prussiya madaniy merosi jamg‘armasi (Stiftung Preussischer Kulturbesitz) tarkibiga kiradi. Kutubxonaning keng ko‘lamli kolleksiyasi Markaziy Osiyoning madaniy durdonalari sanaluvchi turkiy (chig‘atoy), fors va arab tillaridagi noyob qo‘lyozmalarni jamlagan.
Zakariyo ibn Muhammad ibn Mahmud al-Qazviniy (1203–1283) "Ajoyib ul-maxluqot va g‘aroyib ul-mavjudot" asarini 1260–1270-yillar oralig‘ida yozgan. Kitob Olam haqida bo'lib, unda Koinot, osmon-u yer, tabiat hodisalari, turli jonivorlar va o‘simliklar, shuningdek, inson tuzilishiga sharh berilgan.

Al-Qazviniyning ijodi Allohning mukammalligi va tengi yo‘q kuch-qudratini namoyish qilish uchun u foydalangan mo‘jizalarga diqqat qaratilgani bilan ajralib turadi. Muallif uchun eng mayda hasharotdan tortib eng yirik sut emizuvchilargacha, eng mayda o‘simlikdan to eng baland daraxtlargacha ega tabiat dunyosining turfa ranglarini ko‘rsatish juda qiziqarli bo‘lgan. Shuningdek, u insonlarning jonivorlar, o‘simliklar va atrof-muhitning boshqa elementlari bilan o‘zaro harakatining turli usullarini ta’riflab, inson va tabiat dunyosi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni o‘rgangan. O‘simliklarning davolash xususiyatlari, jonivorlardan foydalanish, suv va boshqa tabiiy resurslarning muhimligi haqida so‘zlagan.

"Ajoyib ul-maxluqot va g‘aroyib ul-mavjudot" asarining eng qiziqarli jihatlaridan biri muallif o‘z sayohatlarida duch kelgan maxluqot va hodisalarni yorqin tavsiflaydi. U kitobga g‘alati maxluqlar, afsonaviy jonivorlar va aql bovar qilmas voqealar haqidagi hajviya va latifalarni kiritganki, ular asarga hayrat va jozibadorlik baxsh etgan.

