Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz

Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz

Bugun, 14-may – atoqli arxeolog olim, tarixchi, san’atshunos, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) Ilmiy kengashining doimiy raisi Edvard Rtveladze 84 yoshga to’lgan bo’lardi. Har yilgi an’anaga ko’ra, Rtveladzeni xotirlaymiz…

Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz

E.V.Rtveladze Gruziyaning Borjomi shahrida tug‘ilgan, taqdir uni O‘rta Osiyoga yetakladi. Ustozlari – taniqli arxeolog olimlar M.Masson va G.Pugachenkovaning taklifiga binoan Toshkentga ko‘chib kelib, Toshkent davlat universitetining arxeologiya kafedrasini tamomlagan. Umrining asosiy qismini fan va arxeologiyaga bag‘ishlab o‘tkazgan.

 

Akademik bir necha yil davomida "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to’plamlarida" loyihasiga ilmiy rahbarlik qilgan. 2022-yilda WOSCU tomonidan Rtveladzening hamkasblari, shogirdlari va oilasining xotiralari to’plangan kitob nashr etildi. Quyida ushbu “EDVARD RTVELADZE XOTIRASIGA” kitobidan parchalar keltiramiz:

 

Rtveladze hayotida muhim rol o’ynagan maktub

 

San’atshunos Sh.G’aniyevaning eslashicha, Edvard Rtveladze unga ustozining bir maktubini ko’rsatgan. Unda shunday deyilgan:

Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz

“Bir kuni Edvard Vasilevich menga o‘z hayotida juda muhim rol o‘ynagan xatni ko‘rsatdi. Uni 1962-yilda akademik Galina Anatolevna Pugachenkovadan olgan. Maktubda u yosh Edvard Rtveladzeni o‘zi ko‘p yillar rahbarlik qilgan O‘zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasiga taklif qilgan. Pugachenkova shunday yozgan: "Siz doimiy ishga joylashdingizmi yoki yo‘qmi? Men bir taklifni nazarda tutyapman... sizni arxeolog kollektori lavozimiga qabul qilishim mumkin. Toshkentgacha yo‘l haqini to‘lay olmayman. Lekin shart shuki – oylik + dala tadqiqotlari haqi oyiga 100 so‘m. O‘ylab ko‘rib, hujjatlarni Toshkent davlat universitetiga topshirishingiz kerak. Ishonchim komilki, siz arxeologiya bo‘limiga tushasiz. Taklifimni o‘ylab ko‘ring va javobni yuboring”. 20 yoshli Edvard Rtveladze yakuniy qarorni qabul qilganiga shubha yo‘q edi. Uning Kavkazdan O‘rta Osiyoga ko‘chib o‘tish tanlovini ota-onasi qo‘llab-quvvatladi”.

 

“Kavkazning farzandi butun qalbi bilan O‘rta Osiyoga bog'landi”

Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz

Akademik G.Pugachenkova shogirdi haqida shunday yozadi: 

“Rtveladze Kavkaz, Turkmaniston va O‘zbekistondagi qazishmalarda qatnashib, dala tadqiqotlari maktabini tamomlagan. Gruzin va rus ayolining o‘g‘li bu ikki xalqning eng yaxshi fazilatlarini meros qilib olgandi: birida mustaqillik va yuksak or-nomus tushunchasi; ikkinchisida mehribonlik va fidoyilik; uning ish qobiliyati hayratlanarli edi… 

Kavkazning buyuk vatanparvari bo‘lgan holda u butun qalbi bilan O‘rta Osiyoga bog'landi va universitetni tugatgandan so‘ng ona yurtida ishlash istiqboli bo‘lsa-da, Toshkentda qoldi. Bu tushunarli edi: bir paytlar Pushkin va Lermontovni ilhomlantirgan maftunkor va shifobaxsh tabiati bilan Kavkaz tog‘li qabilalar va zamonlar hayotining izlarini saqlab qolgan bo‘lsa, O‘rta Osiyo arxeologiyasida esa keng va kichik shaharlar qoldiqlarida yashiringan Sharq sivilizatsiyalari, o‘rta asrlar O‘zbekiston shaharlari me’morchiligining go‘zalligi, stratigrafik qatlamlardan ajratib olingan va muzeylar ekspozitsiyalarini bezab turgan eng boy buyumlar muhrlangandi”.

 

“Kampirtepa – uning sevimli arxeologik obyekti edi”

 

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi F.Abduxoliqov Rtveladzening eng yorqin topilmalaridan biri Kampirtepa qadimiy yodgorligi bilan bog’liq xotiralarini shunday bayon qiladi:

Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz

“… Edvard Vasilevich Kampirtepa haqidagi fikrlari, yangi kashfiyotlari va taxminlari bilan men bilan tez-tez o‘rtoqlashardi. O‘sha paytdagi asosiy ilhom manbai Oks Aleksandriyasini izlash edi. O‘shanda men ham shu savol bilan bosh qotirardim. O‘rta Osiyodagi Makedoniya davriga bag‘ishlangan bir talay adabiyotlarni titkilardim… Yevropaga qilgan deyarli har bir safarimda men kitob do‘konlariga kirib, Baqtriya va So‘g‘diyona bilan bog‘liq barcha narsalarni qidirardim. Myunxenga navbatdagi safarimda omad kulib boqqanini eslayman. Ko‘zga tashlanmaydigan do‘konda Ptolemey xaritasining XV asrda qayta nashr etilgan nusxasini topdim. Uni Edvard Vasilevichga ko‘rsatganimda, u bu topilmadan hayratda qoldi - axir bu qadimiy xarita uning sevimli arxeologik obyekti haqiqatan ham Oks Aleksandriyasi deb nomlanishga haqli ekanligi haqidagi g‘oyasini tasdiqlardi. Xaritada Oks daryosining o‘ng qirg‘og‘ida Oks Aleksandriyasi aniq ko‘rsatilgan edi! Bu xaritani u o‘zining "Oks Aleksandriyasi – Kampirtepa: Oks sohilidagi qal’a-shahar" kitobida dalil sifatida joylashtirgan”.

Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz
Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz
Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz
Kavkazdan O’rta Osiyoga… Edvard Rtveladzeni xotirlaymiz