Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyaning Madrid shahriga tashrifi chog'ida Yevropaning yetakchi nashriyotlaridan biri Mueller & Schindler nashriyot uyida bo'lishdi.
Ushbu nashriyot O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) bilan ko'p yillardan beri yaqindan hamkorlik qilib keladi. Qator qo'shma loyihalar amalga oshirilgan. WOSCU raisi, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi, xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, WOSCU koordinatori Yekaterina Soboleva Mueller & Schindler prezidenti Sharlotta Kramer, vitse-prezident Aleksandr Vilgelmlar bilan subat chog'ida yangi loyihalarni muhokama qildi. Jumladan, istiqbolda “Temur tuzuklari” asarini ispan tilida nashr etish tashabbusi ilgari surildi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Janobi Oliylariga ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli, tizimli va chinakam tarixiy ishlar uchun samimiy minnatdorligimni bildirishga ijozat bergaysiz. Davlat rahbariyatining eng yuqori darajasida madaniyatga bunday e'tibor qaratish ajoyib hodisa boʻlib, xalqaro hamjamiyat uchun namuna boʻlib xizmat qiladi. Oʻn yildan ortiq hamkorlik davomida biz amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning chuqurligini va mamlakat rahbariyatining madaniy-gumanitar sohani rivojlantirishga chinakam sadoqatini bevosita guvohi boʻldik”, - deydi Mueller & Schindler prezidenti Sharlotta Kramer.

Ispaniyaning “Otra Lectura” tahliliy-axborot portali mazkur uchrashuv haqida yozar ekan, “Mueller & Schindler” nashriyot uyi “Temur tuzuklari”ni ispan tilida nashr etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganini qayd etgan. Ta'kidlanishicha, ushbu loyiha ispan tilida so'zlashuvchi auditoriya uchun Temuriylar davrining noyob merosiga kirish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi, mintaqa tarixiga akademik qiziqishni chuqurlashtiradi, O'zbekiston va butun dunyo bo'ylab ispan tilida so'zlashuvchi davlatlar o'rtasidagi madaniy hamda gumanitar aloqalarni mustahkamlashga hissa qo'shadi.
"Xalqaro kitob kunida O‘zbekiston va Ispaniya nashriyot hamkorligida yangi sahifa ochilmoqda... Ushbu tashrif madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo'ldi va xalqaro hamjamiyatning O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqladi" deyiladi nashr xabarida.
