Тurkon Xotun Anushtegin asos solgan Xorazmshohlar sulolasining obro‘li ayollaridan biri edi. U Alouddin Takashning rafiqasi va Alouddin Muhammad Xorazmshohning (hukmronligi 1200–1220-yillar) onasi edi...
Turkon xotun Хorazmshohlar davrida katta mavqega ega edi. Uning davrida saroy a’yonlari siyosati asosan malika tomonidan yuritilgan. Malika qipchoq qavmiga mansub bo‘lgani uchun deyarli barcha katta lavozimlarni qipchoqlar egallagan. Bu esa boshqa amirlar va sarkardalarning sultondan yuz o‘girishiga sabab bo‘lgan. Mo‘g‘ullar bosqini davrida ham uning ko‘rsatmasi bilan har bir shahar himoyasi mahalliy rahbarlarga topshirilgan. Bu mo‘g‘ullarning uzil-kesil g‘alabasini ta’minlagan. 1221-yilda Urganch mo‘g‘ullar tomonidan egallangach, Turkon xotun asir olinib, Mo‘g‘ulistonga olib ketilgan.
Bu voqea haqida ko‘plab tarixchilar, jumladan, Rashiduddin Fazlulloh ham qimmatli ma’lumotlarni beradi. Miniatyurada bir paytlar butun mamlakatga hukmini o‘tkazishga uringan malika Turkon xotun qul qilinib, Chingizxonning poytaxtiga olib ketilayotgani tasvirlangan. Oldinda sulton xonadoniga mansub ayollardan biri bola quchoqlagan holda ildamlamoqda. Uning ortidan oppoq kiyimda Turkon xotun ketmoqda. Eng oxiri ot mingan mo‘g‘ul jangchilari ularni kuzatib ketishmoqda.

Qipchoqlar bilan tuzilgan siyosiy ittifoq natijasida Takashga nikohlangan Turkon Xotun boyovutlar urug‘idan bo‘lgan qipchoq xoni Jonkishining qizi bo‘lib, u Xorazmga ko‘plab qipchoq zodagonlarini olib keldi va ularning qudratli homiysiga aylandi. Bu ittifoq Xorazmning dashtdagi xalqlar bilan aloqalarini mustahkamlab, Xorazmning ko‘chmanchilar orasidagi ta’sirini kuchaytirdi. 1200-yil 3-avgustda Gurganj zodagonlari va saroy ahli ishtirokida Xorazmshohlar taxtiga uning o‘g‘li Alouddin Muhammad o‘tirdi.
Saroyda maqomi mustahkamlangan Turkon Xotun “Xudovandi jahon” — “Jahon malikasi” unvonini oldi. Uning shaxsiy muhrida “Ismatiddunya vad-din, Ulug‘ Turkon, malikai niso al-olamiyn” (“Dunyo va din pokdomoni, Ulug‘ Turkon, olam ayollarining malikasi”) bitigi o‘yib yozilgandi. “I’tasamtu billah” — “Faqat Allohga suyanaman” degan so‘zlar uning shioriga aylangandi.
Bu unvon va maqomlar uning nafaqat matriarxal shaxs, balki islom va tasavvuf an’analarining homiysi sifatida bo‘lish istagini ko‘rsatadi. U haqiqatan ham patriarxal islom jamiyatida ayollar yetakchiligining yorqin namunasi edi. Turkon Xotun o‘z saroyi, devoni, vazirlari, muhri va siyosiy nufuziga ega ediki, bu nufuzni hatto sultonlar ham tan olgandi. Malika yuqori darajali mulozimlarni tayinlashda faol ishtirok etar va davlat boshqaruvining asosiy tuzilmalari faoliyatini boshqarardi. Uning obro‘-e’tibori shunchalik baland ediki, davlatning biror farmoni uning imzosisiz kuchga kirmasdi. Turkon Xotunning siyosiy sezgisi va qat’iyligi boshqaruvdagi barqarorlikni biroz vaqt bir maromda tutib turishga imkon berdi.
Biroq... Uning o‘z o‘g‘liga haddan ziyod ta’siri fojiaga aylandi: hokimiyat bo‘linib ketdi, qarorlar qabul qilish to‘xtadi. 1219-yilda mo‘g‘ullar bosqini boshlangan vaqtda aynan Turkon Xotunning farmoyishi bilan shaharlar mudofaasi mahalliy hokimlarga topshirildi. Yagona qo‘mondonlik va muvofiqlashtirishning yo‘qligi mo‘g‘ullarning Xorazm hududiga jadal bostirib kelishiga yo‘l ochib berdi. Qachonlardir qudratli, gullab-yashnagan, sulolaning qudrati va ulug‘vorligi timsoli bo‘lgan shaharlar birin-ketin vayron qilindi. 1220-yilda Turkon Xotun Gurganj yaqinidagi Ilol qal’asida asir olindi. Chingizxonning buyrug‘iga binoan uni Toliqonga keltirishadi, u yerda malika boshqa zodagon ayollar bilan birga Xorazmshohlar saltanatining mo‘g‘ullarga boy berilganligi uchun aza ochib, omma oldida baland ovozda yig‘lashga buyuriladi.
_1.webp)
Keyinchalik Qoraqurumga keltirilgan turkon Xotun shu yerda 1232 yoki 1233-yilda vafot etadi. Fojiali taqdiriga qaramay, Turkon Xotun o‘z davrining eng qudratli ayoli, hokimiyatni haqiqatan boshqara olgan, diplomatik uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega, qo‘shinlar, diniy va madaniy hayotga ta’siri bo‘lgan hukmdor ayol sifatida tarixga kirdi.
