Qoraqalpog’iston, Andijon va Samarqandda bojxona xodimlari noyob va tarixiy ahamayatga boyliklarning noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olishdi.
Bojxona qo'mitasi xabar berishicha, Nukus xalqaro aeroportida Moskvaga uchib ketayotgan yo’lovchilardan biri 1924-1970-yillarda zarb etilgan 2 dona tarixiy tangalar va 1961-yilda chop etilgan banknotalarni yashirincha olib chiqishga uringan vaqtida to’xtatib qolindi. Ushbu reysning yana bir yo’lovchisiga tegishli yuklari ko‘zdan kechirilganda esa, 1932-1974-yillarga mansub 4 dona tanga hamda qadimda Xitoy va Tailandda zarb etilgan numizmatika ashyolari bojxona nazoratiga taqdim etilmagani fosh bo’ldi.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona postida esa qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqarolardan biri korinishidan qadimiy tusga ega metaldan ishlangan samovar, choynak, 2 dona ko‘za, 2 dona lagan va 3 dona kosani olib chiqib ketayotgan vaqtida to’xtatib qolindi. Mazkur ashyolarning tarixiy-madaniy ahamiyati yuzasidan ekspertiza jarayonlari davom etmoqda.

Samarqand xalqaro aeroportida Sankt-Peterburgga parvozi oldidan xorijiy yoʻlovchining qoʻl sumkasini ko’zdan kechirish davomida ushbu shaxs tarixiy qiymatga ega 2 dona qadimiy tanga va XX-asr boshlariga mansub bir dona shamchiroqni yashirincha olib chiqishga uringani fosh etildi.

Hozirda mazkur buyumlar vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan dastlabki tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


