"Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan hujjatlar orasida Yorliq deb nomlangan hujjatlar bor. Ularni asosan to‘rt guruhga bo‘lish mumkin: Tarxon yorliqlari, Mansabga tayinlash haqidagi yorliqlar, Oldi-sotdi haqidagi yorliqlar, Har xil boshqa yorliqlar.

Tarxon yorlig‘i
Asosan sayyidlar, xo‘jalar, shayxlar va eshonlar avlodlariga, shuningdek, xonning maxsus kishilariga berilgan. Bunday yorliqlar otadan bolaga meros o‘tib, o‘z kuchini yo‘qotmagan. Agar hukmdor o‘zgarsa, keyingi taxtga ko‘tarilgan xon avvalgi hukmdor yorlig‘ini qayta tasdiqlagan. Tarxonlik imtiyozini olgan kishi xon, podshoh oldiga bemalol kira olar va barcha soliqlardan ozod etilar edi. Hatto ayrim manbalarda bunday yorliqli kishi jinoyat qilsa ham javobgarlikka tortilmaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.
Boy - bu mansab degani
Yorliqlarning ikkinchi turi mansabga tayinlash haqida bo‘lib, unda hokim, qozi, muftiy, a’lam, mutavalli, boy, oqsoqol, rais va boshqa mansablarga tayinlash haqidagi hukmdor farmoni bitilgan. Jumladan, Sayyid Muhammadxon tomonidan 1859-yil 29-dekabrda berilgan yorliqda shunday yozilgan:

“Qobilboyning o‘g‘li Hoji Muhammadboyni Urganch baldasig‘a Qarovul xalqig‘a Yusuf boy o‘rnig‘a Boy qilib Nishoni Oliyshon suyurg‘ol qilduq To ixlos va e’tiqodig‘a loyiq fuqaro ahvolidin ogoh bo‘lub, mazkura balda darvozalari istehkomi va oning burj va devorlarining yiqilg‘an va yemrulgan yerlari binosi ihtimomig‘a ishtig‘ol ko‘rguzsun va mazkur jamoaning yaxshi va yomoni holidin xabardor bo‘lub, dargohi oliy mulozimlaridin har turluk xizmatikim sodir bo‘lsa, bitkarsun va davlati oliy salohi bo‘la olg‘udek ishlarga sa’y qilib, el va fuqaro manofig‘a ko‘vshish etib, bevajhi shar’i zarar va ozor yetkurmasun. Endi bu Yorlig‘i Oliy mazmunig‘a ogoh bo‘lg‘och, mazkura balda ahli va Qarovul xalqi mashori alayhni o‘zlarig‘a boy bilib, dargohi oliy mulozimlaridin sudur topg‘an xizmat etmagi bobida, oning tilin olib buyurilg‘an xizmatni bitkarsunlar...”
Ushbu Yorlig‘i Oliydan ma’lum bo‘lishicha, Xiva xonligida boy – xon tomonidan hujjat bilan tasdiqlanadigan mansab ekan.
Oldi-sotdi yorlig'i
Yorliqlarning yana bir turi “oldi-sotdi” deb nomlangan va unda xon tomonidan hujjatga muhr bosilib, xonga yoki davlatga taalluqli bo‘lgan mulk sotilishi haqida hujjat tuzilgan. Mamlakatda ko‘pchilik o‘ylagandek, hamma yerlar podshohniki emas, davlatning yeri va podshohning o‘z shaxsiy yerlari bo‘lgan. Hukmdor xonlarning shaxsiy yeri ularga otadan meros qolgan yoki uning o‘zi tomonidan sotib olingan yerlar edi. Hujjatlardan ma’lum bo‘ladiki, xonlar davlat yerini o‘zlashtirib, shaxsiy mulk qilib ham olgan ekanlar. Buning uchun avval davlat yerining bir bo‘lagini badavlat, ishonchli amaldorga rasmiy ravishda sotishgan va oradan biroz fursat o‘tgach, undan rasmiy ravishda xonning o‘zi qayta sotib olgan.
