Hazrati Imom darvozasi

Hazrati Imom darvozasi

Buxoro shahrining 555 gektarlik maydonini o‘rab turuvchi devor uzunligi 12 kilometrni tashkil etgan. Shahar devori oxirgi marotaba 1540–1549-yillarda shayboniylar sulolasidan Abdulazizxon davrida kengaytirilgach, darvozalar soni 11 ta yetgan. Darvozalar soni XX asr boshlarigacha shu holatda o‘zgarmay kelgan. Devor bo‘ylab joylashgan 11 darvoza orqali shaharga kirish-chiqish nazorat qilingan va mustahkam qo‘riqlangan. 

Hazrati Imom darvozasi
Foto: "O'zbekiston gvardiyasi" jurnali

Yarim aylana silindrsimon shakldagi qo‘sh minorali darvozalar shom namozidan keyin yopilib, bomdod namozidan so‘ng ochilgan. Har bir darvozaning nomlanishi, etimologik tarixi, uning bog‘liq o‘tmish voqealari bilan birga xalq rivoyatlari ham hozirgi kungacha saqlanib qolgan. 

 

Hazrati Imom darvozasi haqida buxoroliklar orasida qadimdan qolgan mashhur bir rivoyat mavjud. Unda aytilishicha, darvoza tashqarisi (hozirgi Hazrati Imom qabristoni)da bir maydoncha bo‘lib, xalq bu joyni “Ushtur gardon” (“Tuya qaytishi”) deb ataydi. Rivoyatda keltirilishicha, Imom Buxoriyning ustozlaridan biri Abu Hafs Kabir (767–832) arab o‘lkalari – Makka, Madina, Bag‘dod, Shom va boshqa shaharlarga borib, u yerdagi olimlardan ko‘p ilm o‘rganadi. Qirq yil ilm olib, imomlik lavozimiga ega bo‘ladi va o‘zi to‘plagan, yozgan kitoblarini qirqta tuyaga ortib o‘z ona shahri Buxoroga keladi. Buxoroning “Nov” (keyinchalik “Hazrati Imom”) darvozasiga kechqurun yetib keladi. Bu paytda Buxoroning hamma darvozalari qulflangan bo‘lardi. Xoja eshikni taqillatadi va "men Abu Xavs Kabirman" deya darvozabon soqchiga o‘zini tanishtiradi. Darvozabon: “Bizlar Abu Xafs Kabirning donishmandligini va uning butun dunyoda shuhrati tarqalganligini eshitganmiz. Agar siz haqiqatdan Imom Hafs Kabir bo‘lsangiz, mening yagona savolimga javob bersangiz, men sizni shaharga qo‘yaman”. Abu Xafs Kabir rozi bo‘ladilar. Darvozabon: “Kamoli imon nima?” deb savol beradi. Imom juda ko‘p manbalar va asoslar bilan javob beradilar. Ammo darvozabon javoblardan qoniqmaydi. Shundan so‘ng, Abu Xafs: “bir darvozabon savoliga javob berolmadim, ertaga Buxoro ulamolariga qanday javob beraman”, deb kitoblarni qirqta tuyaga yuklab, o‘qishni davom ettirish uchun yana Arabistonga qaytib ketganlar. Shu sababdan bu hudud “Ushtur gardon” – “Tuya qaytgan joy” degan nomni olgan. Savolning javobi esa – sabr-toqat, iymonning kaliti sabrdir. Darvozabonning bu savolni berishidan maqsad – darvozalarning kalitlari Arkka mirshab tomonidan olib ketilgan, kalitlarni erta tongda olib kelishadi, shungacha sabr-toqat qiling, demoqchi bo‘lgan. 

 

Aslida Abu Xafs Kabir savolga javob berganlar. Mazkur rivoyat zamirida Buxoroning xalqi, hatto shaharni qo‘riqlovchi soqchilar ham zakiy, ilmli, shahar ma’rifatidan bahramand bo‘lgan tafakkur egalari hisoblangan. Xalq orasida ul inson “imomi hojatbaror” (“hojatlarni chiqaruvchi imom”) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Imomning maqbarasi Buxoroning “Darvozai Nov” (hozirgi Hazrat Imom) darvozasi qarshisidagi tepalikda joylashgan. Hozir ham bu tepalikni “Hazrati Imom Havz tepaligi” deb ataladi. XX asr boshlarida bu tepalikdagi masjid va ibodatxonlarda hamisha mahalliy aholi ko‘p bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Abu Xafs Kabirning qabri va tuprog‘ini tabarruk deb bilgan, u joyni “Harrah” (Haq yo‘l) deb ataganlar. Odamlar o‘sha yerga borib fatvo olishgan. Ilk o‘rta asrlardagi Nov darvozasi keyinchalik buyuk alloma Abu Xafs Kabir Buxoriyga hurmat sifatida Hazrati Imom darvozasi deb nomlanadi. “Darvozai Imom”, “dari hojatbaror”, “darvozai rohi haq”, “Abu Hafs darvozasi” nomlari bilan ham xalq tilga oladi. Allomaning buyuk xizmatlari va sharofatlari bilan Buxoro X asrda Abu Xafs Kabir tufayli “Qubbot ul-islom” – “islom dining gumbazi” kabi unvonga ega bo‘lgan. 

 

Endi tarixiy darvozaning o‘ziga to‘xtalsak. Pishiq g‘ishtdan qurilgan darvozaning balandligi 11,6 metr, kengligi 23 metr, poydevori 1,5 metr bo‘lgan. Darvozaning yuqori qismida 31 ta arkadan iborat “gultoj” hamda uch qavatli qorovul-sarbozlar uchun mo‘ljallangan 2 ta kichik minora mavjud bo‘lgan. Qal’aning bosh darvozasi oldida Buxoroning 12 ta ot aravalari turgan. Ular shaharni temiryo‘l bekati bilan bog‘lagan, ichkariga kirmagan, chunki shahar ko‘chalari ularning harakatlanishi uchun torlik qilgan. Darvoza taxminan XX asrning 50-yillarida buzib tashlangan. Uning aniq joylashuvi 1930-yildagi aerofotosuratni 1985-yilda xuddi shu masshtabda bajarilgan toposurat bilan solishtirish orqali aniqlanadi. 

 

2009-yilda darvoza o‘z o‘rnida va tarixiy qiyofasida qayta tiklandi. O‘rta asrlar muhitini o‘zida saqlab qolgan shahar qadimiy mudofaa devori va darvozalari nafaqat davlatchiligimiz tarixida shaharlar qudrati va salohiyatini, balki boy me’morchilik tajribasini namoyon etishi bilan tashrif buyuruvchilarni lol qoldirmoqda.


Shavkat BOBOJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent