O'zbekiston-Malayziya ilmiy-ma'rifiy aloqalari mustahkamlanmoqda

O'zbekiston-Malayziya ilmiy-ma'rifiy aloqalari mustahkamlanmoqda

“Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar”. Ayni shu mavzu 5-may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo'lib o'tgan xalqaro konferensiya ishtirokchilarining diqqat markazida bo'ldi.

 

Anjuman Malayziya bilan hamkorlikda tashkil etildi va unda mamlakat qirolichasi Raja Zarit Sofiya hazrati oliyalari ishtirok etdi.

O'zbekiston-Malayziya ilmiy-ma'rifiy aloqalari mustahkamlanmoqda

Ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada boyitish, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosni hamkorlikda tadqiq qilish va ommalashtirish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda 300 nafardan ziyod davlat idoralari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, yetakchi olim, tadqiqotchi, ekspert, ma’naviy-ma’rifiy doira vakillari, shuningdek, turli mamlakatlardan yosh mutaxassislar va talabalar qatnashdi. Unda so'zga chiqqan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqov ikki davlat o‘rtasidagi hamkorliklarga to‘xtalib, Markaz o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki davrdanoq Malayziyadagi qator idora va tashkilotlar bilan turli xalqaro anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazib kelayotganini qayd etdi. 

O'zbekiston-Malayziya ilmiy-ma'rifiy aloqalari mustahkamlanmoqda

2025-yilda O'zbekiston delegatsiyasining Malayziga tashrifi chog'ida ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasini o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqotchilari va ekspertlarini birlashtiradigan qo‘shma O‘zbekiston-Malayziya ilmiy jamiyati tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zboshisi bilan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida” loyihasi doirasida mazkur muzeyda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid artefaktlar haqida maxsus kitob-albom chop etildi. 

 

Malayziya qirolichasi Raja Zarit Sofiya o'z nutqida bugun islom madaniyati, tarixi, merosini jahon miqyosidaa o‘rganish katta ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. "O‘zbekiston buyuk allomalar yurti, bu zamindan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Imom Termiziy singari allomalar merosi bugungi kunda ham islom olamida o‘qib o‘rganilmoqda. Ularning asarlarini, ilmiy qarashlarini, umuminsony g‘oyalarni hayotimizda keng targ‘ib etishga katta e’tibor qaratishimiz kerak. Bu borada ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik kutilgan samaralarni berishiga ishonaman", – dedi qirolicha.

 

Shuningdek, konferensiya doirasida Malayziya va O‘zbekistondagi qator ilmiy-ma’rifiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida memorandumlar imzolandi. Xorijiy mehmonlar va ishtirokchilar uchun Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishuv tashkil etish, Samarqand va Buxoro shaharlariga madaniy-ilmiy safarlar uyushtirish rejalashtirilgan.

O'zbekiston-Malayziya ilmiy-ma'rifiy aloqalari mustahkamlanmoqda

Ta'kidlash kerak, WOSCU tomonidan nashr etilgan "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumining 58-jildi aynan Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plamlariga bag‘ishlangan.

O'zbekiston-Malayziya ilmiy-ma'rifiy aloqalari mustahkamlanmoqda