Lotin tilidan chex tiliga tarjima qilingan bu kitob 1598-yilda Praga shahrida chop etilgan.
Bugunda Pragadagi kutubxona va muzeylarda "Amir Temur tarixi" nomli uchta kitob saqlanib qolgan. Ulardan faqat bittasi to'liq matnni o'z ichiga oladi. Qolgan ikkita kitob sahifalari qisman yo'qolgan. Milliy kutubxonada saqlanadigan nusxasi chexiyalik noshir Yirji Cherniy tomonidan chop etilgan. XVI-XVII asrlarda uning bosmaxonasi Pragadagi eng mashhur bosmaxona bo'lgan. Kitobning titul sahifasida yozilishicha, u sulevitslik ritsar Kashpar Kaplirjga bag'ishlangan. Kashpar XIV asrga, ya'ni Amir Temur dacriga mansub qadimgi zodagonlar sulolasining vakili bo'lgan. O'sha paytda nashr etilgan kitobni mashhur shaxslarga bag'ishlash an'anaga aylangan edi. Kitob tarjimoni chexiyalik Bartolomey Matser Kashpar bilan shaxsan tanish bo'lganmi yoki yo'qmi, noma'lum. Ehtimol, u Kashparlar oilasining shajarasi tarixidan, Chexiya hukmdorlariga sadoqatidan ilhomlangan va bunda Amir Temur jangchilarining unga sodiqligidan o'xshashlikni topgan bo'lishi mumkin.
"Amir Temur tarixi" kitobi "xalq kitobi" deb nomlangan nashrlar sirasiga kirgan, keng o'quvchilar auditoriyasiga mo'ljallangan. Kitobda qadimiy rivoyatlar va tarixiy haqiqatlar sharhlanib, chex xalqini o'rta asrlarning Sharqdagi buyuk davlat arbobi va qo'mondoni Amir Temur tarixi bilan tanishtiradi.
Kitobning shakli noodatiy, ya'ni cho'ntakda olib yurish uchun mo'ljallangan bo'lib, Chexiya noshirlik san'atining o'ziga xos unsurlarini o'z ichiga oladi. Matn gotik shriftida, lotin so'zlari kertmali shriftda va yunoncha alifboda yozilgan.
Kitobda hikmdor Amir Temur qiyofasining tasviri gravyura (o'yma naqsh) texnikasida bajarilgan. Afsuski, ushbu tasvir aynan shu kitob uchun yaratilmagan, umumiy bezak sifatida ishlatilgan, ya'ni u Amir Temur tasviri emas.
Kitobda asosan Temurning harbiy g'alabalari, shuningdek, biroz shaxsiy hayoti tasvirlangan. Kirish qismida, tarjimonning fikricha, Temurning hayotida ilohiy kuchlarning ta'siri seziladi, shu tufayli u qashshoqlik va boshqa qiyinchiliklarni yengib, "... deyarli barcha Sharqiy mamlakatlar va nintaqalarning hukmdori, ulug'vor va yengilmas..." hukmdorga aylangan. Kitobda Temurning Samarqandga bo'lgan munosabati havas bilan ta'riflanadi. Temur erishgan yutuqlari tufayli tez orada "Baxtli qilich" (skiflar tilida Temirus Guthlus) deb nom olgan. Bugungi kunda u bizga turkcha Timur Lenk (oqsoq Temur) ismi bilan ko'proq ma'lum. Chunki u bir jangda olingan jarohati sabab oqsoqlanib yurardi.
Kitobda Forsning zabt etilishi, turk sultoni Boyazid I o'rtasidagi jang, qirol Karl VIIning mag'lubiyati ham tasvirlanadi.
Muallif noma'lum sabablarga ko'ra, Temurni diniy e'tiqodiga ko'ra butparast deb hisoblaydi, ammo sarkarda o'z yurishlarida musulmon me'moriy yodgorliklarini vayron qilishni man qilgan. Dushmanlarga nisbatan qattiq munosabatda bo'lishiga qaramasdan, u o'zini adolatli inson deb hisoblagan. "Bu men — qattiq g'azab, eng oliy va abadiy Tangrining adolatli qilichiman".
"Amir temur tarixi" kitobi sarkardaning haqiqiy qahramonona hayoti haqida chexiyalik o'quvchilarga qimmatli ma'lumotlarni beradi.


