Buxoroi sharifda mohir xattotlar – “oltin qalam” ustalari alohida hurmatga sazovor edilar. Ular o‘z mehnatlari bilan xalq ma’rifatiga, bilimlarni asrab-avaylash va keyingi avlodlarga yetkazishga o‘z hissalarini qo‘shganlar.

Buxoro xattotlik san’ati Sharq musulmonlarining boshqa mashhur markazlari xattotlik maktablari bilan o‘zaro bog‘liqlikda rivojlandi. Tarixdan ma’lumki, 1538-yilda hukmdor Ubaydullaxon Hirotdan Buxoroga hunarmandlar, musavvirlar, olimlar va xattotlarning katta guruhini olib kelgan, ular orasida tengi yo‘q xattot Mirali Xiraviy ham bor edi.
Xiraviy hukmdorning shaxsiy kotibi bo‘lib xizmat qilgan, Buxoro xattotlik maktabining yorqin namoyandasi sanalib, o‘zidan keyin ko‘plab iqtidorli shogirdlarni qoldirgan. Mumtoz shoirlarning Mirali Xiraviy tomonidan ko‘chirilgan bir qancha qo‘lyozma asarlari O‘zR FA Sharqshunoslik instituti kolleksiyasida saqlanadi.
Yana bir buxorolik taniqli xattot Mir Ubayd Buxoriy (vaf. 1601 y.) nasx xati asosida yangi xat ravishi – nasxi Mir Ubaydiyni yaratgani bilan mashhur bo‘ldi. Bu xatning o‘ziga xos jihati shundaki, nasxi Mir Ubaydiy harflari yirikroq, ifodaliroq va bejirim bo‘lib, yengil o‘qilishi bilan ajralib turardi. Movarounnahrda ko‘pgina xattotlar Mir Ubaydning uslubiga taqlid qilardilar. Shuning uchun bu xat turi nasxi Buxoriy bi-uslubi Movarounnahr (“Movarounnahr uslubidagi Buxoro nasx xati”) deb atala boshlandi. Bu xat turi O‘rta Osiyoda keng tarqaldi va mazkur xatda Qur’onlar kitobat qilina boshlandi, shuningdek, Qori Mir Fayz Buxoriy, Qori Abdulvohid Buxoriy, Qori Ahmad Buxoriy, Mirzo Hoshim Xo‘jandiy kabi xattotlar tomonidan “Daloilul xayrot” (“Yaxshi amallar tasdig‘i”) va “Farzi Ayn” (“Iymon ustunlari”) singari kitoblar ham ko‘chirildi.

1190–1191/1776–1777-yillarda Sayfiddin Boharziyning nabirasi Yahyo ibn Shayx Ahmad nomidan 726/1324-yilda yozilgan asl nusxadan ko‘chirilgan. Arab va fors tillarida. O‘ramning umumiy uzunligi – 47 m
Buxoro xattotchiligi tarixi muzeyida saqlanadi.
Mir Ubaydning xattotlik maktabi an’analarini davom ettirgan Domla Bobobek (taxm. 1741 – 1861-yillar) haqida uning bu sohada o‘ziga xos maktab yaratgani hamda ko‘plab shogirdlar tayyorlagani ma’lum. Zamondoshlarining ta’kidlashlaricha, u nasta’liq xatini o‘rgatishda tabiat go‘zalliklaridan ilhomlanib, ularni xat ta’limiga kiritgan. Shu tariqa xatning jozibadorligini ta’minlagan.
Buxorolik taniqli xattotlar sirasida Shoh Husayn ibn Isomiddin Buxoriy, Qulmuhammad Buxoriy, Muhammad Sharif Munshiy Buxoriy, Mirzo Sodiq Munshiy Jandariy, Mir Pochcho ibn Mir Rahmatulloh Buxoriy, Mir Husayn Kulangiy, Mir Ma’sum Buxoriy, Avaz Badaliy Buxoriy, Mir Ali Fathobodiy, Abdulmajid Maxdum, Mirzo Muhammadjon, Mirzo Is'hoq va boshqalarni tilga olish mumkin. Keyinchalik ular yaratgan ko‘pgina qo‘lyozmalar tipografik usulda chop etilib, aholi o‘rtasida keng tarqalgan. Bu kitoblar hozirgacha kutubxonalar xazinalarida saqlanmoqda va jozibadorligi bilan hammani maftun etib kelmoqda.
Ulug‘bek madrasasida joylashgan Buxoro xattotchilik tarixi muzeyida ushbu san’at bilan yaqindan tanishish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Tashrif buyuruvchilar tarix bilan yuzlashib, o‘rta asrlarda Buxoroning ilmiy va madaniy salohiyati naqadar yuksak bo‘lganiga ishonch hosil qiladilar.
