Qadimiy Naxshab sirlari: Yerqo‘rg‘ondan topilgan oltin nishon

Qadimiy Naxshab sirlari: Yerqo‘rg‘ondan topilgan oltin nishon

Bundan qariyb yarim asr oldin, 1977-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti tomonidan Qadimiy Naxshabning yuragi bo‘lmish Yerqo‘rg‘on xarobalarida o‘tkazilgan qazishma ishlari ilm-fan olami uchun kutilmagan topilmani taqdim etdi...

 

Arxeolog Mirzali To‘rabekov ishtirokida olib borilgan izlanishlar jarayonida III va IV asrlarga oid madaniy qatlam o‘rganib chiqildi. Tuproq qatlamlari orasidan topilgan kichik, ammo tarixiy qiymati bebaho bo‘lgan oltin nishon (ko‘krak nishoni) barchaning diqqatini tortdi. 

Qadimiy Naxshab sirlari: Yerqo‘rg‘ondan topilgan oltin nishon

Mazkur nodir yodgorlik o‘ta yupqa, qalinligi bor-yo‘g‘i 0,15 millimetr bo‘lgan sof oltin plastinkadan tayyorlangan. Uning yuza qismiga qadimiy ustalar tomonidan shahar mudofaa devori va kuzatuv burjining tasviri g‘oyat nozik did bilan tushirilgan. Tasvirning chetlari diametri 0,4 millimetr bo‘lgan, yuzasiga qing‘ir chiziqlar o‘yilgan ingichka oltin sim bilan hoshiyalangan. 

 

Oltin plastinkadagi devor va burj tasviri shunchaki badiiy to‘qima emas, balki muhandislik yechimining aniq ifodasidir. Devor uzunligi 11,8 millimetrni tashkil etsa, burjning balandligi tishsimon kunguralari bilan birgalikda 9,5 millimetrga yetadi. Burjning tepa qismida uchta, devorning yuqori qismida esa ikkita kungura tasvirlangan bo‘lib, ular orasidagi masofa qatʼiy o‘lchov asosida 2,5 millimetr qilib belgilangan. Burjning qoq markazida esa balandligi 3,5 millimetr bo‘lgan shinak, yaʼni o‘q otish uchun mo‘ljallangan maxsus teshik joylashgan. Bu detallarning barchasi shaharning harbiy himoya tizimi puxta o‘ylanganini ko‘rsatadi.

 

Topilmaning orqa tomonida kiyim yoki matoga qadash uchun mo‘ljallangan ikkita kichik halqacha mavjud. Qadimda oltin nishonlar va turli tumorlar ko‘chmanchi qabilalar madaniyatida keng tarqalgan bo‘lib, ular nafaqat bezak, balki yovuz kuchlardan asrovchi vosita vazifasini ham o‘tagan. Biroq Yevrosiyo dashtlaridagi ko‘chmanchilar buyumlarida asosan hayvonlar, qushlar yoki geometrik shakllar tasvirlangan. Yerqo‘rg‘on topilmasi esa ushbu anʼanadan keskin farq qiladi. Unda o‘troq madaniyatning eng muhim belgisi – mustahkam shahar qo‘rg‘oni tasvirlangan.

 

Ushbu o‘ziga xos jihat qadimiy So‘g‘d hududida ikki xil dunyoqarash va turmush tarzining o‘zaro qorishib ketganini anglatadi. Bir tomondan, buyumning shakli va vazifasi ko‘chmanchilar anʼanasiga xos bo‘lsa, ikkinchi tomondan, undagi mazmun yuksak darajada rivojlangan shahar madaniyatini ifodalaydi. Nishon garchi III–IV asrlar qatlamidan topilgan bo‘lsa-da, mutaxassislar uning yasalish vaqti ancha avvalroqqa borib taqalishi mumkinligini qayd etadilar. Bu esa So‘g‘d zargarlik sanʼati va shaharsozlik anʼanalarining ildizlari yanada chuqurroq ekanini tasdiqlaydi.

 

Ushbu mitti oltin buyum qadimgi ajdodlarimizning davlatchilik va shaharsozlik borasidagi salohiyati naqadar yuksak bo‘lganini namoyon etadi. Ular nafaqat muhtasham qalʼalar barpo etgan, balki bu inshootlarni sanʼat darajasiga ko‘tarib, zargarlik buyumlarida ham aks ettirgan. 

 

Manba: O'zA