XI–XII asrlarda Movarounnahr hududida yaratilgan isiriqdon o‘rta asr metallga ishlov berish sanʼatining yorqin namunasidir. Ushbu buyum faqat amaliy idish sifatidagina emas, balki o‘z tuzilishi, bezagi va ramziy yechimlari orqali maʼnaviy mazmun kasb etgan sanʼat asari sifatida qaraladi.

Isiriqdon bronzadan yasalgan bo‘lib, keng og‘izli kosacha va uni ko‘tarib turuvchi uchta tayanchga ega. Bu tayanch oyoqlar fil qiyofasida ishlangani bilan eʼtiborni tortadi va maxsus marosimlar uchun ishlatilgan qimmatli ashyo ekanligidan darak beradi.
Go‘zal Vahobova, sanʼatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori:
“Islomiy o‘rta asrlar davrida bunday bronza idishlar asosan xushbo‘y hid tutatish, yaʼni baxur yoqish uchun qo‘llanilgan. Arxeologik topilmalar va yozma manbalarga qaraganda, baxur tutatish odati makonni hid orqali tozalash, uni maʼnaviy jihatdan poklash bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu sababli bunday idishlar oddiy ro‘zg‘or buyumi emas, balki marosim va ibodat jarayonlarida ishlatiladigan maxsus ashyo sifatida qadrlangan. Eksponat yuzasidagi naqshlar islomiy geometrik bezaklar bilan turli madaniy anʼanalarga xos ramzlarni birlashtirgan. Ayniqsa, fil obrazining qo‘llanilishi diqqatga sazovor. Bu holat Markaziy Osiyo hududining Hindiston va boshqa mintaqalar bilan yaqin madaniy aloqada bo‘lganini ko‘rsatadi. Yaʼni bu ashyo mahalliy hunarmandchilik mahsuli bo‘lishi bilan birga, turli madaniyatlar taʼsirida shakllangan badiiy tafakkurni ham o‘zida mujassam etgan”.
Ushbu artefakt 2025-yilda Londondan O‘zbekistonga qaytarildi. Bugun u O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan.

