Andijon gilamlarining o’tmishi qirg’iz xalqining qandi qabilasiga mansub xidirsha urug’iga borib taqaladi. Tarixiy manbalarga ko’ra, xidirsha urug’i qadimda O’ratepada yashagan (hozirgi Xo’jaobod va Qo’rg’ontepa tumanlari hududi). Urug’ ayollari kundalik turmush va o’tov uchun zarur gilam, xurjun, yo’l xalta, chavadon (qopga o’xshash idish) to’qigan bo’lsa, keyinvhalik buyurtmalar asosida bozorlarda sotish uvhun maxsus gilamlat tayyorlagan.
Xidirsha gilamlari XIX asr oxiri XX asr boshlarida Andijondagi mashhur gilam bozorining eng oldi moli hisoblangan hamda butun Farg’ona vodiysida shuhrat qozongan. Shuningdek, savdo aloqalari orqali Toshkent, Samarqand, Buxoroga ham tarqalgan.
Xidirsha gilamlarining bezaklari boy va xilma xil. Unda totem va astral timsollar ko’p. G’oz panja, tol bargi, uzum bargi va mevasi, olma ko’chat, qo’chqorak, it quyruq, yo’lbars tovon, qiyg’ir ko’z, tumorcha, baldoq, oy, yulduz kabi o’nlab shakllardab iborat ramziy naqshlar ustunlik qiladi. Gilamlarning bezaklari kompozitsion tuzilishi jihatidan sath va hoshiyadan iborat, naqshlar ko’pincha romb, ko’pburchak, doira kabi to’rsimon shakl ichiga yoki romblar shaklidagi yirik turunjlar atrofidagi mayda naqshlar bilan to’r-turunj ko’rinishida joylashtirilgan.
Etnograf V.Moshkovaning yozishicha, xidirshaliklar sotish uchun gilamlar to’qishda Sharqiy Turkiston, Bashir, shuningdek, Eron gilamlari naqshlaridan ham foydalanishgan. Xususan, fors gilamlaridagi bodom, buta naqshini eslatuvchi chayon naqshi Fors gilamchiligi ta’siridan dalolat beradi.
Odatda gilamlarning sifati ularning to‘quvi zichligi, hom ashyo tarkibi hamda bo‘yoqlarning sifati bilan belgilanadi. Xidirsha gilamlarida zichlik o‘rtacha 1 dm2 joyga 700–800, eng sifatlilari 900–1000 bog‘lamgacha to‘g‘ri kelgan. Asosi jun, ip va ba’zida ipak aralashmasidan, pati esa tuya, echkilarning oliy navli junlaridan to‘qilgan.

Keyinchalik Shirmonbuloqda gilamlar qo‘l charxida yigirilgan paxta ipidan tayyorlangan. Bunday gilamlarni “terma” deb yuritishadi. Ular maxsus dastgohda eni 20, 40, 60 cm o‘lchamlarda to‘qiladi va bu enlar yonma-yon qo‘shib tikiladi. Atrofiga ensiz qora matodan mang‘iz tikilib, mustahkamlanadi.

Terma gilamlar ro‘zg‘orda keng qo‘llanilgan, kelin sepiga berilgan, ulardan turli xaltalar tayyorlangan.


