O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan davlat idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, o‘zining betakror isteʼdodi, serqirra ijodiy faoliyati bilan xalqimiz badiiy tafakkuri, maʼnaviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, o‘zbek adabiyoti xazinasini tarixiy va zamonaviy mavzudagi yorqin asarlar bilan boyitish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini aholi o‘rtasida targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayteri Sultonov Xayriddin Madriddinovichga "O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi" faxriy unvoni berildi.

Xayriddin Sultonov (taxallusi Xayriddin Sulton) 1956-yil 19-yanvar kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Uning “Chol” nomli dastlabki hikoyasi XX asrning 70-yillarida “Toshkent oqshomi” gazetasida bosilgan.
Xayriddin Sultonov “Saodat sohili”, “Yozning yolg‘iz yodgori", “Ko‘ngil ozodadur”, “Ajoyib kunlarning birida” singari qissalari bilan adabiyot rivojiga hissa qo‘shgan. Yaqinda adibning milliy ozodlik harakati namoyandalari hayotini aks ettirgan yangi asari – “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti bo'lib o'tdi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) jamoasi nomidan sevimli adimizni yuksak unvon bilan chin dildan qutlaymiz.
