Katta Langar Qurʼoni qo‘lyozmasi sahifalari to‘liq tiklandi

Katta Langar Qurʼoni qo‘lyozmasi sahifalari to‘liq tiklandi

O‘zbekiston Madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) mutaxassislari tomonidan Katta Langar Qurʼoni sahifalari suralar tartibiga muvofiq qayta jamlandi. Natijada qo‘lyozmaning ilk bor to‘liq faksimil nashri yaratildi. Bu olimlarning sakkiz yil davomidagi izlanishlari, o‘rganishlari natijasidir.

Katta Langar Qurʼoni qo‘lyozmasi sahifalari to‘liq tiklandi

Faksimil nashrda har bir sahifaning rangi, xat uslubi, nuqsonlari va hatto tarixiy tuzatishlari asl nusxaga maksimal darajada yaqin holda tiklangan. Shu bilan birga, o‘zbek tilidagi tarjima ham kiritildi. 

Qadimiy va noyob yozma manbalardan biri bo'lgan Katta Langar Qurʼonining tarqoq sahifalari birlashtirilgan holatda endilikda Islom sivilizatsiyasi markazida jahon jamoatchiligiga namoyish etilmoqda. 

 

Ma'lumot uchun: Katta Langar Qurʼoni asrlar davomida shakllangan, turli tarixiy voqealar va taqdirlarni o‘z ichiga olgan nodir yozma manba hisoblanadi. Ilk bor yagona qo‘lyozma sifatida yaratilgan bu Qurʼon keyinchalik turli mamlakat va markazlarga tarqab ketgan. Qariyb ming yil davomida ushbu sahifalar muqaddas omonat sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ayrim davrlarda yo‘qolgan, ayrim hollarda esa tasodifan qayta topilgan.

 

Qo‘lyozma buzoq terisidan tayyorlangan pergamentga hijoziy xat uslubida bitilgan. Bu uslub islom xattotligi tarixida eng qadimiy va noyob yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. 2000-yilda Niderlandiyadagi Groningen universitetida o‘tkazilgan radiokarbon tahlillari sahifalarning milodiy 975–995-yillarga mansubligini ilmiy jihatdan tasdiqladi. Mazkur natijalar qo‘lyozmaning haqiqiyligi va tarixiy qiymatini shubhasiz asoslab berdi.

 

Tarixiy jarayonlar natijasida qo‘lyozmaning katta qismi XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi tomonidan Turkiston o‘lkasidan olib chiqilgan. Bugungi kunda Katta Langar Qurʼonining 81 sahifasi Sankt-Peterburgda, 17 sahifasi esa Toshkent, Buxoro va Samarqandda saqlanmoqda.

 

Qurʼonning “Katta Langar” deb nomlanishi ham bejiz emas. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan Katta Langar qishlog‘i asrlar davomida Ishqiya tariqati shayxlari faoliyat yuritgan muhim maʼnaviy markaz bo‘lgan. Bu hududda ziyoratgohlar, masjid va maqbaralar joylashgan bo‘lib, ular diniy-maʼrifiy hayotda katta o‘rin tutgan.


Mutaxassislar taʼkidlashicha, ushbu qo‘lyozma tarix, xattotlik, tafsirshunoslik, kitobshunoslik, arxeologiya va madaniy antropologiya uchun bebaho manba hisoblanadi.