Ellin davri mil. avvalgi 323-yilda buyuk Aleksandr vafoti bilan boshlanib, mil. avvalgi 31-yilda Rim imperiyasi davrigacha davom etadi. Ayni shu vaqtda Markaziy osiyo shaharlari xilma-xil madaniyatlar ta’siri ostida bo’ldi. Xususan, ellin zargarlik buyumlari bezaklarida antik dunyo timsollari mashhur edi.
Britaniyadagi Fitsvilyam muzeyida ellin davriga oid zargarlik buyumlari to'plami saqlanadi. Gerakl ko'rinishidagi yirik tilla bilaguzuk ushbu to'plamdagi eng yaxshi buyumlardan biridir. Bezagida ikkita sher boshlaridan foydalanilgan. Bilaguzukning butun yuzasi nihoyatda nafis ishlangan. Gerakl ellin davrining zargarlik bezaklarida eng ommabop mavzuga aylangan. U baxtli nikoh ramzidir.

Buyumlar orasida bir juft antilopa yoki tog' echkisining boshi ko'rinishidagi tilla sirg'a ajralib turadi. Yana bir qo'sh quloqli ko'za shaklida yasalgan, tutqichlariga delfin haykalchalari yopishtirilgan ziraklar ham e'tiborga molik. Delfin tasviri, odatda, "beg'araz do'stlik va yaxshi niyat" ramzi sifatida talqin qilinadi.
Bunday turdagi zargarlik bezaklari Afg'onistondagi Tillatepa yodgorligidan topilgan.


