Arxeologlar Shveytsariyadagi Berenfels hududidagi botqoqlikdan yoshi taxminan 2300 yil bo‘lgan ikkita noyob kelt oltin tangalarini topishdi. Topilma botqoqlik muhiti tufayli yaxshi saqlangan va katta tarixiy qiymatga ega.

Tangalar taxminan miloddan avvalgi III asrning o‘rtalarida keltlar tomonidan mustaqil ravishda zarb qilingan va Makedoniya qiroli Filipp II (Buyuk Aleksandrning otasi)ning oltin tangalari dizaynini takrorlaydi. Old tomonda — Apollonning boshi, orqa tomonda — arava, lekin kelt elementlari qo‘shilgan.

Olimlarning fikricha, bu tangalar pul sifatida emas, balki Xudolarga marosim qurbonligi, hokimiyat ramzi yoki diplomatik sovg‘a sifatida zarb qilingan bo'lishi mumkin. Bunday artefaktlar juda kam uchraydi.
O'rta Osiyogacha yetib kelgan...
Akademik E.Rtveladze "O'rta Osiyoning qadimgi tangalari" kitobida yozishicha, O‘rta Osiyoda dastlabki tangalar faqat grek aholisi orasidagina yuritilgan bo‘lishi mumkin, chunki tub aholi hali pul-tovar muomalasi yuritishga ulgurmagandi. Bu jarayon mil. avv. 777 asr, yaʼni ikki mustaqil: Parfiya va Grek-Baqtriya podshohligi paydo bo‘lgan davrda boshlangan deb taxmin qilish, haqiqatga xilof bo‘lmasa kerak.
Mil. avv. III asrdan to II asrning uchinchi choragigacha hukm surgan Grek-Baqtriya podsholigi tangalarining aksariyati medalyer sanʼatining nodir namunalari deb hisoblanadi.
Grek-Baqtriya tangalari, asosan, bir andozada bo‘lib, o‘ng tomonida hukmdor podshoning, tersida esa u o‘ziga pir qilib olgan maʼbudlarning, masalan, Zevs, Gerakl, Poseydon, Apollon, Dioskurlarning tasviri tushirilar edi.
Aleksandr, Antiol, Diodot va Yevtidemlar sharafiga bag‘ishlangan medal-tangalar ham diqqatga sazovor. Bunday medal-tangalardan biri — Yevtidem sharafiga Antimax tomonidan zarb etilgan tanga Panjakentda, Diodot va Yevkratid sharafiga Agafokl tomonidan chiqarilgan uchta tanga Buxoroda topilgan dafna ichidan chiqqan.
Qizig‘i shundaki, Grek-Baqtriya tangalari texnikaviy ijrosi jihatidan va xususan, podshohlarning siymosini aks ettirishdagi badiiy ifoda usullari jihatidan hatto eng baland saviyada zarb etilgan allada tangalaridan ustun turadi. Qadimgi Gretsiyada Grek-Baqtriya tangalari Sitsiliyaning dekadraxma hamda tetradraxmasi bilan bir qatorda antik davr tanga zarb etish ishining eng nodir namunasi hisoblanardi. Ularning fikricha: "Tanga zarb qilish ishi o‘z badiiy qonunlari va talablariga ega mustaqil sanʼatdir".
Tangalarda aks ettirilgan Grek-Baqtriya podsholarining tasvirlari bu umumiy tarzda qabul etilgan yagona ideal hukmdorning tasviri bo‘lmay, balki podshoning o‘z chinakam suratidir. Podsholar bir-biridan faqat yuz ko‘rinishi bilangina ajralib turmaydi. Musavvirlar ularning har birining ahvoli ruhiyasini berishda ajinlardan, ko‘z boqishlaridan, lab ifodalaridan unumli foydalangan.
