Ka'ba eshigining kalitlari O'zbekistonda!

Ka'ba eshigining kalitlari O'zbekistonda!

Islom tarixidagi muqaddas omonatlarning ikki nodir namunasi bugun O‘zbekistonda. Bular Ka'ba eshigini ochuvchi kalitlardir. 

Ka'ba eshigining kalitlari O'zbekistonda!
Foto: ISM

Kalitlar Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans davri” bo‘limi ekspozitsiyasiga joylashtirilgan. Bu haqda Markaz axborot xizmati ma'lum qildi.

 

Payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V.) davridan buyon Kaʼba eshigi kalitini saqlash va Kaʼbaga qorovullik qilish sharafi Bani Shayba qabilasiga ishonib topshirilgan. Bu masʼuliyatli vazifa bir necha asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib, bugungi kunga qadar uzluksiz davom etib kelmoqda.

 

"Ushbu eksponatlar milodiy XIII asrga oid bo‘lib, Mamluklar davrida misdan, jezdan yasalgan va kumush bilan qadama usulida bezatilgan. Birida "Haj" surasining 27-oyati, ikkinchisida esa "Toha" surasining 14-oyati o‘yib yozilgan. Ushbu kalitlarning uzunligi 17 va 17,5 santimetrni tashkil etadi", - deydi Markaz ilmiy xodimi Abdurasul Yaxshiboyev. 

 

Ka'ba eshigining kalitlari O'zbekistonda!
Ka'ba eshigining kalitlari O'zbekistonda!

Kaʼba eshigi kalitlari o‘zining sanʼatkorona ishlanishi, zarhal bezaklari va Qurʼon oyatlari bilan bezatilgani bilan alohida ajralib turadi. Ular ko‘pincha Kaʼbaning ochilish marosimlarida ishlatilgan bo‘lib, diniy marosimlarning ajralmas qismi sanaladi. Har bir kalit o‘z davrining muhitini aks ettiradi.


Hozirgi kunda Kaʼba eshigi kaliti Bani Shayba avlodlari qo‘lida saqlanmoqda. Kalit sof oltindan yasalgan bo‘lib, uzunligi qariyb 40 santimetrni tashkil etadi va maxsus ipak qutida saqlanadi. Ushbu quti har yili Kaʼba kisvasi tayyorlanadigan maxsus fabrikada yangilanadi.

 

Bundan avvalroq Saudiya Arabistonidan Ka'ba yopinchig'i — Kisva olib kelingandi. Ushbu bebaho va tarixiy eksponat ham ISM muzeyidan joy oldi. Bu yerda Ka'ba eshigining nusxasi tayyorlanib, yopinchiq bilan yaxlit kompozitsiya sifatida joylashtirildi. 

Ka'ba eshigining kalitlari O'zbekistonda!
Foto: ISM