Ermitaj to‘plamida o‘rta asrlarga oid sopoldan yasalgan va bo‘rtma naqshlar bilan bezatilgan o‘choqchalar to‘plami saqlanmoqda.
O‘choqlar bino ichida o‘t yoqiladigan va cho‘g‘ saqlanadigan joy bo‘lib, ular uyda bezak vazifani ham o‘tagan.
O‘choqchalardagi naqshlar o‘sha vaqtga oid mahobatli masjid-madrasalar bezatilishida qo‘llanilgan badiiy uslublarning soddalashtirilgan ko‘rinishi, deyish mumkin. Oldinga bo‘rtib chiqqan devorli taqa shaklidagi o‘choqcha tasvirlari tokcha yoki ravoqning meʼmoriy tuzilishiga taqlid qilingan.
Bezaklarida burmali to‘rtta ustun, qushlar juftligi, hayot daraxti tasviri bilan ishlangan shakldor ark tasvirlangan. Yarim oy va sharcha ko‘rinishidagi o'choq parchalari ham bor. Buqalarning shoxini gulchambarlar bezab turibdi, ustki qismida tanasi sherni eslatuvchi burgut va semurg‘ qushi.
O‘choqlar bezatilishi misolida IX–XIII asrlarda Movarounnahr meʼmoriy bezagi o‘zida ikki madaniyat anʼanalarini uyg‘unlashtirgan, deb xulosa qilish mumkin: qishloq ustalari amaliyotida saqlanib qolgan sug‘d badiiy merosi va musulmon davlatlari sanʼatida paydo bo‘lgan yangi bezatish uslublari.


_1.webp)
