VIII asr oxiri — IX asr boshidan Movarounnahr shaharlarida sirlangan sopol paydo bo'ldi va keng tarqaldi. Keyinchalik sopol san'atining yetakchi markazlari shakllandi: Afrosiyob, Shosh, Farg'ona, Chag'oniyon va boshqa. Ular orasida Afrosiyob (Samarqand) kulollik san'ati Markaziy Osiyoning barcha hududlariga tarqalgan. Bu idishlarni sirlash, ranglash va tasvirlar yaratish bilan bog'liq.
Afrosiyob keramikasida eng ko'p islimiy — o'simliklarga oid naqshlar uchraydi, ularda gullar, butoqlar, anor, lola, atirgul tasvirlari ustunlik qiladi. Keyinroq islimiy naqshlar yozuvlarga aylantirildi. Sopol buyumlarning sirti kufiy va nasx uslubida yaxshi tilak bildirilgan yozuv bilan qoplangan.
Ba'zi yozuvlar didaktik xususiyatga ega edi, masalan, dumaloq likopning markazida uslublashtirilgan ot shakli tushirilgan va idishning aylanasi bo'ylab arab tilida quyidagi yozuv bitilgan: "Ta'lim olish avval achchiq, oxiri asaldan shirinroqdir".

Riyoziyot (matematika) fani rivojlanishi bilan buyumlarda to'rtburchak, uchburchak, to'qima ko'rinishidagi handasaviy naqshlar hukmronlik qildi.
IX-XV asrlarga kelib, Afrosiyob sirlangan sopollari badiiy va texnik jihatdan mukammallikka erishgan va ko'plab musulmon mamlakatlariga eksport qilingan.
Hozirda jahondagi eng boy Afrosiyob keramikasi to'plami Samarqand muzeyida saqlanmoqda.






