XX asrning boshlarida Buxoroning kitob va dastgoh miniatyurasi sanʼati og‘ir davrlarni boshidan kechirdi. Uning ajoyib gullagan davrlari allaqachon ortda qolgan edi. Yangi zamon va yangicha g‘oyalar madaniy hayotda butunlay boshqacha ko‘rinishdagi badiiy yo‘nalishlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Biroq sharqona miniatyura sanʼatining anʼanalari hali ham saqlanib qolgan edi. Bu sanʼat turining yorqin namoyandalaridan biri buxorolik Sadriddin Pochchayev (1870 – 1948-yillar) hisoblanadi.
Sadriddin ibn Pochcha (Pochchayev) Romitan tumani Payshanba qishlog‘ida tug‘ilgan. U bolaligida otasiz qolgan. 10 yoshga to‘lganida onasi uni buxorolik zargar Mirazimning qo‘liga shogirdlikka beradi. Yigitcha ushbu kasbda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Shogirdlikda ancha yillarini o‘tkazganidan so‘ng ajoyib isteʼdod sohibi Sadriddin Pochchayev Buxoro amirlari Abdulahadxon (1885 – 1910) va Said Olimxon (1911 – 1920) saroyida ishlay boshlaydi. U boshqa ko‘plab mohir hunarmandlar bilan bir qatorda turib, zargarlik buyumlari va saroy uchun kerakli anjomlarni yasagan, Buxoroning kumush va oltin tangalarini zarb etishda ishtirok etgan.

Sadriddin Pochchayevning miniatyurachi sifatidagi ilk tajribasi Buxoroning so‘nggi amiri topshirig‘iga binoan ishlangan hindlarning «Lazzatil niso» risolasi qo‘lyozmasi uchun chizilgan tasvirlar bo‘lgan.
Sadriddin Pochchayev qog‘ozda ham, lok bilan bo‘yash uslubi orqali ham miniatyuralar yaratgan. 1945-yilda Buxoro muzey-qo‘riqxonasi XIX asr – XX asr boshlaridagi Buxoro miniatyura maktabining so‘nggi vakili bo‘lgan ushbu ajoyib isteʼdodli ustadan 20 dan ortiqroq dastgoh miniatyuralarini sotib olgan.

Uning barcha asarlarini 4 guruhga bo‘lish mumkin:
1. Arxitektura yodgorliklari tasvirlari.
2. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan miniatyuralar.
3. O‘rta asrlarning turli nazmiy janrda yozilgan asarlarining syujetlari asosida yaratilgan miniatyuralar.
4. Zamonaviy mavzudagi miniatyuralar. 1920 – 1930-yillar miniatyuralari asosan Eron va Hindistonda ishlangan miniatyuralarning nusxalaridan iborat bo‘lgan: «Tusdagi Maqbara» (1925), «Eron meʼmoriy yodgorliklari» (1925), shuningdek, «Varshava meʼmoriy yodgorliklari» (1926), «Turkiya meʼmoriy yodgorliklari», «Turkiya masjidlari» (1927), «Kaʼba masjidi» (1927) turkumlari shu jumladandir.

