Euronews va CNN telekanallari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Maʼrifat aks-sadosi” xalqaro loyihasi doirasidagi videoroliklar turkumining bo‘lajak namoyishini eʼlon qildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati xabar berdi.
Loyiha Markaziy Osiyoning intellektual merosini jahon madaniy-ilmiy makoniga qayta olib kirib, zamonaviy sivilizatsiyaning ko‘plab fundamental g‘oyalari Yevropa universitetlari paydo bo‘lishidan ancha oldin — Buyuk Ipak yo‘li madaniy chorrahalarida shakllanganini eslatadi.
Videoroliklar O‘zbekistonning o‘n nafar buyuk shaxslari — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod va Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan. Ularsiz matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, sanʼat va davlatchilik tafakkuri rivojini tasavvur etib bo‘lmaydi.

— “Maʼrifat aks-sadosi” loyihasi — o‘tmish haqidagi hikoya emas, balki kelajak bilan maʼnoli muloqot. Bizning vazifamiz — Markaziy Osiyo zaminida shakllangan, jahon ilmi, madaniyati va inson tafakkuri taraqqiyotiga hal qiluvchi taʼsir ko‘rsatgan sivilizatsiyalarni, shaxsiyatlar va kashfiyotlarni dunyoga qaytarish. Ushbu loyihani amalga oshirish Davlat rahbari topshiriqlariga muvofiq belgilangan vazifalarni bajarishdagi yana bir muhim qadamdir, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Loyiha hikoyachisi sifatida “Oskar” mukofoti sohibi, jahonga mashhur aktyor Ben Kingsli ishtirok etmoqda.

