O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi

O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi

UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida 15-dekabr — Butunjahon turkiy tillar kuni deb e’lon qilindi.

 

15-dekabr sanasi ramziy ma’noga ega: 1893-yilning aynan shu kuni daniyalik olim Vilgelm Tomsen O‘rxun bitiklari alifbosini o‘qib chiqqanini e’lon qilgan. Uning birinchi o‘qigan so‘zi “Tengri” va “Turk” so‘zlari bo‘lgan. Bu yozma yodgorliklar turkiy tillar oilasining qadimiy ildizlarini tasdiqlovchi eng muhim manbalardan biridir. Shu tildan, xususan, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman va o‘zbek tillari shakllangan. 

 

Ma'lumot uchun: Turksoy xalqaro turk madaniyati tashkiloti tomonidan har yili 23-noyabr – Turkiy alifboning qayta tiklanishi xalqaro bayrami sifatida nishonlab kelinadi.

O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi
Foto: e-history.kz

“O‘rxun bitiklari” 680–745-yillar orasida, Turk hoqonligining “oltin” davrida runiy alifbosida, eski turkiy (ko‘kturk) tilda bitilgani aniqlangan. Ushbu obidalar “Kultigin”, “Bilga Hoqon” va “To‘nyuquq” bitiktoshlaridan iborat. Ularning namunalari Mo‘g‘ulistondagi O‘rxun daryosi vodiylaridan, Tuva, Xakasiya, Krasnoyarsk o‘lkasidagi Enasoy daryosi va uning irmoqlarining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab joylashgan manzilgohlardan juda ko‘p miqdorda topilgan. Shu sabab bu bitiklarga “O‘rxun-Enasoy tosh­bitiklari” degan nom berilgan. 

 

Bundan tashqari, toshbitiklar Sharqiy Turkis­ton, Sharqiy Yevropa, Oltoy, Boyko‘lbo‘yi, Markaziy­Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududidan (Farg‘ona, Surxondaryo va boshqa joylardan) ham topilgan.

O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, “Bobolar izidan…” ekspeditsiyasi ilmiy rahbari Anvar BO‘RONOVning “Jadid” gazetasida e’lon qilgan maqolasida yozilishicha, qadim davrlardan turkiy xalqlar yashab kelgani uchun Enasoyning vodiylari turkiy bitiktoshlar va boshqa yodgorliklar bilan to‘la. Yodgorliklar asosan runik yozuvlar, tamg‘alar, astral, antropomorf va zoomorf tasvirlar saqlangan g‘orlar, qoyatoshlar, oddiy tosh yoki qayroqtosh, shuningdek, maxsus ishlangan toshlardan iborat. Ular orasida eng ahamiyatlisi, albatta, bobolar tarixi haqida keng ma’lumot bera oladigani runiy yozuvlari – qadimiy turkiy bitiklardir.

O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi
O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi

Bitiklar ishlov berilmagan oddiy yoki qayroq toshlarga, maxsus kesib shakl berilgan toshlarga, balbaltoshlarga yoki qo‘lda tayyorlangan qumtoshlarga bitilgan. Ularning soni esa juda ko‘p. Birgina Tuva Respublikasining hududidan 82 ta bitiktosh, yuzlab antropomorf va zoomorf tasvirli toshlar topilgan. Ular orasida eng mashhuri Qizil shahridagi Tuva milliy muzeyida saqlanayotgan Ye43 (Qizil Chiraa I) toshbitigidir. Toshbitik taxminan VIII-IX asrlarda yozilgan bo‘lib, Enasoyning Boyonko‘l o‘zani vodiysidagi Qizil Chiraa manzilgohidan topilgan. U 1961-yilda I.A.Batmanov tomonidan tadqiq qilingan. Yodgorlik qizg‘ish qumtoshdan yasalgan bo‘lib, old tomoniga va chap yoniga 5 qator yozuv yozilgan. Balandligi – 1,84 metr, oldi va ort tomonining eni – 0,45 metr, yon tomoni – 0,13 metr.

 

Xakasiya Respublikasi hududida ham 80 dan ortiq turli toshbitiklar topilgan. Bu yodgorlik­larning asosiy qismi Xakasiya milliy o‘lkashunoslik muzeyi­da saqlanadi.

 

Enasoy toshbitiklari orasida eng yirigi Ye-48 (Abag‘an) shifri ostida saqlanadigan toshbitik bo‘lib, u 510 ta harfdan iborat. Uni Minusinsk muzeyida ko‘rish mumkin. Toshbitik kulrang qumtoshdan taroshlab tayyorlangan, unga 16 qator bitik o‘yib bitil­gan. 6 qatori oldida, 7 qatori orqada, qolgan uch qatori ikki yon tomoniga sig‘dirilgan. Toshbitik 1916-yilda Adrianov tomonidan Abag‘an daryosining o‘ng qirg‘og‘idan topilgan.

O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi

Ma’lumot uchun: Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarida 1 500 ga yaqin soʻz va atamalar uchrab, ularning 1200-1300 tasi oʻzbek tili va uning tarmoqlari – shevalarida saqlanib qolgan. Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida oʻrin olgan soʻzlarning deyarli 80-85 % i oʻzbek tilida uchraydi.