15-dekabr — Butunjahon turkiy tillar kuni
Samarqandda o‘tgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida Butunjahon turkiy tillar kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingan edi. Bu tashabbus Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan ilgari surildi va uni 21 mamlakat qo‘llab-quvvatladi.
Tashabbus tilshunoslik tadqiqotlari, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Sana doirasida turli madaniy taqdimotlar va tadbirlar — ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, adabiy kechalar, badiiy chiqishlar tashkil etiladi. Ularning maqsadi turkiy tillar oilasining madaniy va ijtimoiy ahamiyatini namoyish etish, turkiy tilli davlatlarning madaniy xilma-xilligini yoritish hamda bu tillarning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida xabardorlikni oshirishdir.
“Sana tanlash ramziydir va chuqur ma’noga ega. 1983-yil 15-dekabrda daniyalik tilshunos Vilgelm Tomsen bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi yozma manbalardan biri O‘rxun yozuvlari alifbosi muvaffaqiyatli o‘qilganini e’lon qilgandi. Yozuvlar qadimgi turkiylar tomonidan eramizning VIII asrida hozirgi Mo‘g‘uliston hududidagi O‘rxun vodiysida yaratilgan va 1889-yilda topilgan. Tomsenning yutug‘i bugungi kunda butun Yevroosiyo bo‘ylab o‘nlab jamoalarni bog‘lab turgan til an’anasi haqida bebaho tushuncha beradi”, - deyiladi BMT yangiliklar xizmati xabarida.
UNESCO ma'lumotlariga ko'ra, turkiy tillar oilasiga mansub ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman va o‘zbek tillari taxminan 12 million kvadrat kilometr maydonda 200 milliondan ortiq aholi uchun ona tili hisoblanadi. Turkiy tillardagi boy hujjatli meros, shuningdek, yorqin og‘zaki an’analar 10 dan ortiq davlatni birlashtiradi.

