O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti taʼsis etildi.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan barpo etilayotgan Yangi O‘zbekistonning madaniy-maʼrifiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimizning bu boradagi xalqaro obro‘-eʼtiborini yuksaltirishda qadimiy tarixiy merosimiz namunalari, madaniy boyliklar, ilmiy yutuq va innovatsion g‘oyalarni turli shakllarda, jumladan, ilmiy, adabiy-badiiy, tasviriy yo‘llar bilan faol targ‘ib etish, ularning nafaqat bugungi, balki kelgusi taraqqiyotimizga xizmat qiladigan taʼsirchan vositaga aylantirishga qaratilgan intilish va amaliy harakatlar bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Ana shunday g‘oyat keng qamrovli jarayonlarni Yer yuzidagi barcha xalqlar, jumladan, O‘zbekiston xalqining ezgu orzulari bilan bog‘lab, adabiyot, madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuksak natijalarga erishayotgan hamda milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga, global madaniy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu mukofot ta'sis etildi.
Xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab har yili quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkazib boriladi:
- adabiyot;
- madaniy meros;
- teatr va kino;
- musiqa va raqs;
- tasviriy va amaliy sanʼat;
- moda va dizayn;
- ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar.
Xalqaro mukofotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar statuetka, diplom va 10 ming AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. G‘oliblarga Xalqaro mukofot tantanali ravishda topshiriladi.
Qarorda “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashini tuzish, mukofot Nizomini tasdiqlash belgilandi.
