Qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi
Toshkent fotosuratlar uyida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashabbusi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “1938-yil 4-oktyabr qurbonlari: Abadiyatga muhrlangan millat fidoiylari” nomli fotoko‘rgazma ochildi.
O‘zbekistonda har yili oktyabr oyining birinchi haftasi "Qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi" sifatida nishonlanadi.

Tarixdan ma’lumki, 1937–1938-yillardagi “Katta qirg‘in” davri O‘zbekiston tarixidagi eng fojiali sahifalardan biridir. Xususan, 1938-yil 4–16-oktyabr kunlari SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining Toshkentdagi sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Ulardan ko‘pchiligi, jumladan Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov, G‘ozi Olim Yunusov kabi ko‘zga ko‘ringan ziyolilar 1938-yilning aynan 4-oktyabr sanasida qatl etilgan.
_1.webp)

Ayni shu mudhish voqealar asosida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada, qatag‘on qurbonlarining nodir tarixiy suratlari, ularning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar, shuningdek, mazmunli kartinalar va haykaltaroshlik asarlari namoyishga qo‘yildi.
Eksponatlar Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan, ko‘p yillik ilmiy izlanishlar va arxiv ekspeditsiyalari orqali to‘plangan, noyob tarixiy fotosuratlardir. Ularning bir qismi shaxsiy arxivlar, xorijiy va mahalliy kutubxonalar, muzeylar va arxivlardan topilgan bo‘lib, ularning har biri milliy xotiraning bebaho namunasi hisoblanadi.
Ko‘rgazmani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – 1937–1938-yillardagi siyosiy qatag‘onlar davrining tarixiy haqiqatlarini yoritish, millat fidoyilarining hayoti va faoliyatini yosh avlodga tanishtirish, ularning jasorati, vatanparvarligi va ilm-fan yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlarini e’tirof etish orqali yoshlar qalbida milliy g‘urur va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iboratdir.
_1.webp)
