Samarqand obidalari qo‘riqchisi — Vyatkin

Samarqand obidalari qo‘riqchisi — Vyatkin

Taniqli rus arxeologi, sharqshunos va tarixchi olim Vasiliy Vyatkin Samarqand yaqinidagi Ulug‘bek rasadxonasi qoldiqlarini topgan va qazish ishlari bilan keng tanilgan. Uning Samarqandga kelish tarixi qanday va olim faoliyatini nimadan boshlagan?

Samarqand obidalari qo‘riqchisi — Vyatkin

XIX asrgacha Mirzo Ulug‘bek tomonidan tuzilgan jadvallardan foydalanib kelgan Yevropa astronomlari buyuk Amir Temur nabirasi astronomik kuzatuvlar o‘tkazish uchun Samarqandning qayeridadir katta rasadxona qurganini eshitgan, lekin bu gaplarni ko‘proq afsona deb bilgan.

 

Samarqand Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilgach, olimlar bu rivoyatlarga aniqlik kiritish maqsadida rasadxona joyini aniqlamoqchi bo‘lishadi. Bu sharaf Vasiliy Vyatkinga nasib etadi. U vaqf hujjatlarini o‘rganish chog‘ida afsonaviy Ulug‘bek rasadxonasini izlash kalitini topadi...

 

Vyatkin XVII asrga oid “Tal-i-rassad” ("Rasadxona supasi") degan joy haqidagi hujjatga duch keladi. Tojik, o‘zbek, fors tillari va arab yozuvlarini yaxshi bilgan olim bu nomlarni o‘sha paytdagi Samarqand toponimlari bilan qiyoslab, rasadxona Obi Rahmat arig‘i yonidagi tepalik ostida yashiringan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ariqning muborak suvlari Vyatkin uchun haqiqatan ham barakali bo‘ldi. Qo‘shimcha qazish ishlari davomida binoning aniq o‘lchamlari aniqlandi.

Samarqand obidalari qo‘riqchisi — Vyatkin

Vyatkin Samarqand statistika qo‘mitasi a’zosi sifatida kutubxonachi bo‘lib ishlagan paytlaridayoq, 1896-yilda o‘lkashunoslik ixtisosligidagi “Samarqand statistika qo‘mitasi muzeyi” ochilgan. Keyinchalik u uzoq vaqt davomida ushbu arxeologiya muzeyida direktorlik qildi va maxsus muzey binosi qurilishiga ruxsat olishga muvaffaq bo‘ldi.

 

1903-yilda Samarqand obidalari qo‘riqchisi etib tayinlangan olim va davlat xizmatchisi bu lavozimda tarixiy binolarni o‘rganish va asrab-avaylash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. U tarixiy merosning talon-toroj qilinishiga qarshi kurasha oldi. Arxivlarda Vyatkinning mansabdor shaxslarning kazarmalar qurish uchun xarobalardan g‘isht olish rejalariga qarshi noroziliklari qayd etilgan, uning noroziliklari tufayli Amir Temur maqbarasining qoplamasi Moskva muzeylariga olib ketish rejasi to‘xtatilgan.

Samarqand obidalari qo‘riqchisi — Vyatkin

Arxeolog sifatida olim qadimiy Afrosiyob shaharchasida ham qazishmalar olib borgan. Tadqiqotlarining asosiy natijalari 1926-yilda “Samarqandning qadimiy manzilgohi Afrosiyob” nomli asarida chop etilgan.

 

Vyatkin davlat xizmatchisi sifatida ta’limni rivojlantirish uchun bor kuchini sarfladi. Uning tashabbusi va bevosita ishtirokida Samarqand muzeyiga asos solindi, 1908-yilda Turkistonda mahalliy aholi uchun birinchi kutubxona ochildi.

Samarqand obidalari qo‘riqchisi — Vyatkin

U O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish maqsadida “Boburnoma”, Muhammad Solihning “Samarqand viloyati”, an-Nasafiy as-Samarqandiyning “Kichik qandiya”, Mir Tohir Xo‘janing “Samariya” va boshqa ilmiy ahamiyatli manbalarni rus tiliga tarjima qilgan va sharhlab bergan.

 

Olim 1932-yilda Samarqandda vafot etdi. 1934-yilda uning qabri Ulug‘bek rasadxonasi xarobalari topilgan joyga ko‘chirilib, qayta dafn qilindi. Marhumning vasiyatiga ko‘ra, u to‘plagan, shaxsiy tasarrufida bo‘lgan qadimiy ashyolar to‘plamlari Samarqand muzeyiga topshirilgan.

 

Manba: "Zarafshon" gazetasi