O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili – Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalarini qanchalik bilamiz? Aytaylik, shoir asarlarining to‘la nashrlari bizda ham amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramay, xorijda bizdagi navoiyshunoslikka maʼlum bo‘lmagan Navoiy qo‘lyozmalari mavjudligi kishida ularni bilishga qiziqish uyg‘otadi...

Masalan, AQSHdagi qo‘lyozmalar masalasi qiziq. Nyu-York shahrida joylashgan Metropoiten muzeyida Alisher Navoiyning ikki qo‘lyozmasi saqlanadi. Ulardan biri 905/1499-1500 yili, boshqasi 1580-yili ko‘chirilgan.
Bugungacha "Badoyi ul-bidoya" devonining ko'chirilgan sanasi ko'rsatilgan to'rt nusxasi ma'lum. Ular 1480-1486-yillarda tayyorlangan bo'lib, Parij, London, Baku va Toshkentda saqlanadi. Keyingi tadqiqotlar jarayonida Tehron va Istanbuldan ham yangi nuxsalar topilib, ular Navoiy hayotligida ko'chirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimiz olimlari Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganish yo‘lida yana bir muhim tashabbusni boshladi. Endilikda dunyoning turli kutubxona va arxivlarida saqlanayotgan Navoiy asarlari qo‘lyozmalari yagona fehrest asosida tizimlashtiriladi, ya'ni mutafakkir asarlarining qo'lyozmalari ro'yxati tuziladi va tavsiflanadi.
Fehrestning ilk jildi ustidagi ishlarni professor Aftondil Erkinov boshchiligidagi olimlar guruhi olib bormoqda.
— Navoiyning xorijdagi qo'lyozmalari bo'yicha chiqarilgan reyestrda 600 ta qo'lyozma haqida ma'lumot berilgan. O'zbekistonda — FAning Sharqshunoslik institutida 500 ta asar borligi aytiladi. Dunyo miqyosida olib qaralsa, Navoiyning 2,5-3 mingta qo'lyozma asarlari bor bo'lishi mumkin. Ular haqida ma'lumot yig'ish, ta'riflash, reyestrini tuzish ishlari boshlangan, - deydi professor.
Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborovga ko'ra, Markaz tomonidan Navoiy asarlarining jahondagi eng nodir nusxalari bo'yicha kitob-albom nashrga tayyorlanmoqda.

Ma'lumot uchun, ilk bor Navoiy qalamiga mansub asarlar qo‘lyozmalari bir nashrga jamlanishi haqida WOSCUning Samarqandda bo‘lib o‘tgan VIII Xalqaro Kongressida eʼlon qilingandi.
Tashabbus dunyoning qayerida Navoiyning qo'lyozmalari bor, qanday qilib tarqalgan, qayerda ko'chirilgan, kimlar ko'chirgan, nusxalari nechta, ko'rinishi qanaqa (miniatyurali, naqshli) kabi savollarga javob bo'ladi. Asrlar davomida Navoiy ijodiga qiziqish darajasini, dunyoning munosabatini ko'rsatib beradi.
Manba: Aftondil Erkinov maqolasi, "O'zbekiston tarixi" telekanali
