Alamim bor...

Alamim bor...

Qudratilla RAFIQOV,

siyosatshunos

Alamim bor...

... Bugun O‘zbekiston qanday yo‘lga kirganini va bu yerda nimalar bo‘layotganini zukko tahlilchilar, maʼrifatli insonlar ko‘rib, his qilib turganiga ishonaman. Ammo bir nozik jihat borki, buni hammayam ilg‘ab olayotganiga shubham bor. Men ilgarigi bir necha maqolalarimda bildirgan fikrimda sobitman – uzoq yillar ko‘p balolarni boshidan kechirishga majbur bo‘lgan bu yurt va uning xalqi endilikda nafaqat mamlakat suverenitetini mustahkamlash, balki unuttirilgan va bag‘ridan yulib olingan ulug‘ o‘tmish xotirasi, madaniyati va ajdodlari merosini tiklash hamda bu sharafli harakat o‘laroq o‘z kimligini topishga, maʼnaviy yangilanishga bel bog‘ladi, desam, to‘g‘ri bo‘ladi.

 

“...Nima uchun Islom sivilizatsiyasi markazini qildik? Millatimizning shonu shavkatini tarixga muhrlab qo‘yish uchun. Bu yerga kirgan odam chiqqandan keyin bu millatga taʼzim qilishi uchun qildik buni...

 

Ayni iqtibos mazmunan Prezidentimizning shu yil mustaqillik bayrami arafasidagi faollar bilan bo‘lgan uchrashuvdagi jonli nutqidan olindi. Quyida keltiradigan matnimiz esa davlat rahbarining 2023-yilgi nutqidan. Mana, unda nima degan edi:

 

O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: “o‘zbek” deganda, faqat erta-yu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik. Paxta hukmronligi o‘zbekning peshonasiga yozilgan balo bo‘ldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, taʼlim tizimini izdan chiqardi. Oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz”.

 

Darhaqiqat, iqtiboslar tagmatniga jiddiy eʼtibor qilsangiz, keltirilgan murojaatlarning ko‘zdan panada qolayotgan ritorikasi ularni bir maʼnoliga aylantirishi mumkinligiga shohid bo‘lasiz. Yaʼni Prezidentning Renessans, maʼnaviy yuksalish haqida aytayotgan fikrlari, murojaatlari shunchaki, deylik siyosiy populizm emas, balki fundamental asosga, aniq rejaga asoslangan g‘oyadir. Mana, o‘zingiz bir eʼtibor qiling, biz bugun maqolaga asosiy mavzu qilib tanlagan “Islom sivilizatsiyasi markazi” qurilishi fikri Prezident tomonidan aynan u endigina ishga kirishgan, 2017-yil o‘rtaga tashlangan va bu ulug‘ tashabbusga kirishilgan edi. Aynan o‘sha yillari Uchinchi Renessans, tarixiy madaniy meros, jumladan, musulmon va undan keyingi temuriylar uyg‘onish davri, buyuk ajdodlar xotirasiga qarashning yangi o‘zanga o‘tgani Prezident Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining asl o‘zagiga aylandi. Bir so‘z bilan aytganda, uning ichki olamida yashayotgan va mudom uni qiynayotgan birgina armon bordek tuyuladi baʼzan. Bu – millatning, vatanning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, toptalgan, baʼzan esa oyoqosti bo‘lgan shonu shavkatimizni ulug‘lash...

Alamim bor...

Men u kishining xalqimiz o‘tmishi, vatanimiz tarixi haqidagi yoniq suhbatlarini ko‘p bor eshitish baxtiga muyassar bo‘lganman: “O‘zbek yoki O‘zbekiston, desa nega doim paxta, osh, do‘ppi-yu chopon va yana paxta gulli choynak-piyolani, choyxona-yu mehmondo‘stliknigina misol qilishadi, shulardan boshqa dunyoga ko‘rsatadigan, bizni tanitadigan qiymatli narsamiz yo‘qmi? Buyuk tariximiz, dunyoni qo‘liga qaratgan, o‘z ilmi ziyosi bilan jahonni maftun qilgan ajdodlarimiz merosini nega dunyoga ko‘z-ko‘z qilmaymiz? Nega shunday buyuk tarixiy xotiradan hadiksiraymiz, bekitamiz, ko‘rmaganga olamiz, ulug‘larning nomlarini aytishdan, meroslarini elga tanitishdan cho‘chiymiz. Axir insoniyatga matematikadan tortib, tibbiyotgacha, falakiyotdan falsafa-yu musiqagacha dars bergan, bugungi zamonaviy ilm-fanning ko‘plab sohalariga asos solgan shu ulug‘larimiz emasmidi?! Oltoydan O‘rta yer dengizigacha, Misrdan Hindistongacha imperiyalar qurgan, dunyodan hisob so‘ragan o‘sha o‘zimizning bobolarimiz emasmidi?.. Bugun biz nega bunday ahvolga tushdik, bolalarimizning nega yelkasi qisiq, boshi xam, nigohlari yerga qadalgan?...”

 

Men Shavkat Miromonovichning og‘zidan bu gaplarni eshitganimga deyarli o‘ttiz yillar bo‘lgan. Va aniq bilamanki, o‘tgan davrlar mobaynida bu ichki dard – millat qayg‘usi uni ruhan millatparvar, vatanparvar va o‘z xalqining yovqur bir farzandi sifatida ulg‘aytirdi, tarbiyaladi.

 

Darhaqiqat, uning ichki malomati asossiz emas, mutlaqo adolatli edi. Ozroq badiiy ehtiros bilan aytadigan bo‘lsak, tarix bizga haqsizlik ko‘rsatayotgandek ham tuyulardi. Ammo chin haqiqat shuki, ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy g‘oya va kashfiyotlar nafaqat aniq fanlarda, balki tarix, geografiya, falsafa, madaniyat, sanʼat va arxitektura sohalarida ham dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojida yangi sahifa ochgan. Xususan, buyuk bobokalonimiz Abu Muso Muhammad al-Xorazmiy asos solgan sanoq tizimi, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari, Abu Rayhon Beruniy oddiy usturlob yordamida Yer radiusini o‘ta aniqlik bilan o‘lchagani, 1492-yilda esa Xris­tofor Kolumb Amerika sohillariga aynan Ahmad al-Farg‘oniy tuzgan Yerning darajasini aniqlash haqidagi hisob-kitoblari asosida yetib borgani – ota-bobolarimizning cheksiz aql-zakovati va yuksak ilmiy salohiya­tidan dalolat edi. Va yana o‘z davrida Samarqand qog‘ozining dunyoda eng sifatli, deb eʼtirof etilishi yoki Yevropadagi nufuzli saroy va ibodatxonalarning zeb-ziynati Farg‘ona vodiysida ishlab chiqarilgan ipakdan tayyorlangani ham ajdodlarimiz maʼnaviy va moddiy merosining nechog‘liq beqiyos ahamiyatga ega ekanini yaqqol tasdiqlaydi. Bundan ham yorqinroq va qiziqarliroq faktni AQSHlik mashhur siyosatshunos olim Frederik Star bir maqolasida keltiradi. U Birinchi Renessans davri haqida gapirayotib shunday deydi: “...Markaziy Osiyoda oxirgi ulkan “madaniy energiyaning portlashi” Saljuqiy turklar hukmronligi ostida ro‘y berdi va taxminan 1037-yildan boshlab bir asrdan ko‘proq vaqt davom etdi. O‘zlarining sharqiy poytaxtlari bo‘lmish hozirgi Turkmanistonning Marv va bugungi Afg‘oniston – Eron chegarasidagi Nishopur shaharlaridan turib, ular ko‘p sohalarda kashfiyotchilarni qo‘llab-quvvatladi. Erishgan yutuqlardan biri sifatida keng joylarni qoplovchi qo‘shgumbazni keltirish mumkin. Dastlabki yutuqlar mahsulini hozir Marvning qarovsiz qolgan vayronalari misolida ko‘rishimiz mumkin. Florensiya ibodatxonasidagi Filippo Brunelleski gumbazi va Sankt-Peterburgdagi Avliyo Nikolay soboridan boshlangan “dunyo bo‘ylab sayohat” natijasida mazkur kashfiyot Vashingtondagi AQSH Kapitoliy binosining gumbazida ham o‘z aksini topdi”.

 

Albatta, bu haqli eʼtirof ajdodlarimizning meʼmorchilik sanʼatida ham mislsiz bo‘lganini ko‘rsatadi. Ammo buni bugun to‘rt-beshta mutaxassisdan bo‘lak kim biladi va eʼtirof etadi? Kim xalqimiz va vatanimiz shunday ulkan salohiyatga ega bo‘lganini targ‘ib qiladi?.. O‘sha paytlardayoq men Shavkat Miromonovichning so‘zlari va ko‘zlarida aynan shu o‘kinchni, savollarning qotib qolgan suratlarini ko‘rganman...

 

Yuqorida aytganimizdek, ushbu majmua qurilishiga 2017-yilda kirishilgan edi. Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan loyiha 10 gektarlik maydonni o‘z ichiga oladi. Muhtasham inshootning uzunligi 161, eni 118 metrga yetadi. U uch qavatdan iborat. Markazidagi moviy gumbaz balandligi 65 metrni tashkil etadi. Bino 1,8 gektar maydonda barpo etilib, foydalanish hududi 42 ming kvadrat metr. Bu statistikaning o‘zi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda Islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan eng katta majmualardan biriga aylanadi. Keling, ushbu muhtasham obidani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va bundan cheksiz iftixor, g‘urur tuygan odam sifatida uni batafsilroq sharhlasam.

Alamim bor...

Majmua Sharq va milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, ichiga chor tarafdan to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Har bir portal va binoning tashqi (fasad) qismi ilm, maʼrifat, bag‘rikenglik, ota-onaga hurmat kabi muqaddas qadriyatlarni targ‘ib etuvchi Qurʼon oyatlari va hadislar bilan bezatilgan.

Markaz muzeyida Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans va O‘zbek xonliklari davri, O‘zbekiston XX asrda, Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans ekspozitsiyalari o‘rin oladi. Bundan tashqari, uning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, shuningdek, Al-Furqan, Oksford Islom tadqiqotlari markazi, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 100 dan ortiq ilmiy institutlari, muzey va kutubxonalari filiallari ochiladi.

Alamim bor...

Eʼtiborlisi, Markaz faoliyatida mahalliy va xorijiy tajribalar asosida ilmiy tadqiqotlarni loyihalashtirish tizimi ham joriy etilgan. Shu o‘rinda xayoldan qochmasligi uchun bir masalani aytib ketay. Biz bugun yurtimizda dunyoga kelgan buyuk hodisa – ikki Renessans haqida juda ko‘p gapiramiz. Ammo uning qanday yuz ko‘rsatganligini ko‘pam mushohada qilib o‘tirmaymiz. Tarix shuni ko‘rsatadiki, bu uyg‘onish davrlari o‘z vaqtida madaniyatlar almashinuvi, jahon ilm-faniga integratsiyalashuv orqali yuz bergan edi.

 

Markazda dunyoning ko‘plab ilm maskanlari, madaniy institutlar bo‘limlarining bizning olimlar, ziyolilar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi, sodda qilib tushuntirganda, jahondagi eng ilg‘or (eslang, xalifa Maʼmun ham, Temur ham o‘z saltanatiga yuksak aql egalarini yiqqan va rag‘batlantirgan) intellektlarni O‘zbekistonga olib kelish juda katta istiqboldan daraklaydi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, mazkur inshoot qurilishi va bu yerdagi muzey va boshqa madaniy obyektlarning jihozlanishida dunyoning o‘nlab davlatlaridan eng oldi mutaxassislar, olimlar ishtirok etishgan. Shuning uchun ham markazning dovrug‘i u ochilmasdanoq olamga yoyildi, desam, to‘g‘ri gapni aytgan bo‘laman. Zotan, hozirdanoq Islom sanʼati muzeyi (Malayziya), Sulaymoniya kutubxonasi (Turkiya), Azret-Sulton majmuasi (Qozog‘iston), Bolonya universiteti (Italiya), Ratti fondi, Alberto Levi kolleksiyasi, Milliy Ozarbayjon tarixi muzeyi, AQSHning Devid Peyli, Bryus Baganza, Devid Reysborn kolleksiyalari, Rossiya davlat Ermitaji, Sankt-Peterburgdagi Davlat din tarixi muzeyi va Marjoniy fondi kabi ko‘plab tashkilotlar o‘z ko‘rgazmalari bilan uning tantanali ochilish marosimida ishtirok etish istagini bildirgan.

Alamim bor...

Muzey faoliyatini yo‘lga qo‘yish jarayonlarida yana bir muhim jihatni ko‘rdim va bu meni nihoyatda xursand qildi. Yashirib nima qildik, ilgarilari ijtimoiy tarmoq yoki xorijning rasmiy OAVlarida “O‘zbekistondagi falon muzey yoki institutdan qadimiy qo‘lyozma, tarixiy qimmatga ega bo‘lgan artefakt o‘g‘irlanib, qing‘ir yo‘llar bilan pismadon davlatga chiqarib yuborilgan”, deganga o‘xshash xunuk, qalbingni og‘ritadigan axborotlarni kunda bo‘lmasa-da, tez-tez eshitib, o‘qib turardik. Bugun esa gap xufiyona o‘g‘riliklar haqida emas, balki xuddi shunday qaroqchilik, talonchilik yo‘llari bilan chetga olib chiqib ketilgan xalqimizning maʼnaviy boyliklari yurtimizga qaytarilayotgani haqida. Gap shundaki, yaqinda Londondagi “Sotbis” va “Kristis” savdo uylari, yirik kolleksionerlar va art-dillerlardan mazkur muzey uchun O‘zbekiston madaniy merosiga oid 580 dan ortiq (eʼtibor qiling, olti yuzga yaqin durdonalarimiz o‘zimizga qaytmoqda. Bu tariximizda ko‘rilmagan holat) turli artefaktlar sotib olingan. Ularning orasida Amir Temur topshirig‘iga asosan xattot Umar Aqta tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qurʼon qo‘lyozmasining bir parchasi (Boysung‘ur Qurʼoni), Boburiylar davriga oid ikkita xanjar, bitta qilich, bitta qimmatbaho xanjar dastasi, XVIII-XIX asrlarda o‘zbek xonliklari davrida yaratilgan 5 dona kashta, Boburiylar va Safaviylar davriga oid 3 ta miniatyura, Oltin O‘rdaga tegishli 2 ta oltin taqinchoq, Jaloliddin Rumiyning Boburiylar davriga oid “Masnaviyi maʼnaviy” asari, Temuriylar davrida ko‘chirilgan Hofizi Abruning “Majmaʼ ut tavorix” asari sahifasi, So‘g‘d, Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oid sopol hamda kumush idishlar...

Alamim bor...

XVI-XVII asrlarda yashagan tarixchi Mutribiy Samarqandiy o‘z asarlaridan birida shayboniylar sulolasining yorqin vakili, Turonning so‘nggi hukmdori Abdullohxonning bunyodkorlik salohiyati haqida yozaturib, xonning quyidagi iqrorini keltiradi: “...Amir Alisher Sulton Husayn mirzoning xodimi bo‘la turib o‘zidan bir ming xayr inshooti yodgor qoldirdi. Biz podshohmiz, qurilishlar sonini o‘n mingga yetkazmasak, o‘zimizni hukmdorman, deb yurgan ekanmiz-da”.

 

Bundan ko‘rinadiki, tarixda o‘tgan buyuk qalbli har bir yetakchi qurish, yaratishga o‘z abadiyatining garovi sifatida qaragan. Ammo bular orasida ham o‘zidan o‘chmas iz qoldirganlari unchalik ko‘p bo‘lmagan. Maʼrifatga, sanʼatga, madaniyatga suyangan, shu ulug‘ daryolardan suv ichgan tashabbuslarning umrigina boqiy bo‘lgan. Buni biz o‘z tariximizdan Birinchi va Ikkinchi Renessans yuzaga chiqqan zamonlar misolida aytib o‘tdik.

 

Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan g‘oya global, umuminsoniy ahamiyati bilan nihoyatda noyobdir. Masalan, ushbu Markaz faoliyat yo‘nalishi bilan tanishsangiz, unda o‘tgan zamonlardagidek “tarixning itoatkor quliga aylanish”ni emas, aksincha, o‘tmish merosi va anʼanalarini bugungi kun bilan transformatsiya qilish – bog‘lash, tarix va kelajakni uyg‘unlashtirish orqali nurli istiqbolni yaratishga ishtiyoqni payqaysiz. Markazga jahonning yuzlab nufuzli olimlari tashrif buyurib, bu yerda ijod va tadqiqot olib borishi katta-katta moʻjizalarga turtki berishi ehtimoldan ko‘p uzoq emas. Tarixda bunga misollarni ko‘plab topish mumkin. Masalan, bugun olamga mashhur “Aida” operasi yoki AQSHdagi “Ozodlik” haykali yaratilish tarixini hammayam bilavermaydi. 1869-yili Misr hukmdori Ismoil posho Suvaysh kanali ochilish marosimi uchun mashhur italyan kompozitori Juzeppe Verdiga yangi opera yozishga buyurtma bergan. Va bu buyurtma – “Aida” operasi 1871-yili Qohira teatrida ilk bor namoyish etiladi. Bundan tashqari, u kanalning kirish joyiga suv ustiga o‘rnatish uchun fransuz haykaltaroshi Frederik Bartoldiga qo‘liga mashʼal tutib olgan misrlik ayol haykalini bunyod etishni iltimos qiladi. Biroq bu loyiha qimmatligi uchun undan foydalana olmaydi. Keyinchalik mashhur haykaltarosh loyiha g‘oyasidan “Ozodlik”ni tayyorlashda foydalangan...

 

Men ko‘z oldimizda ochilgan ushbu tarix – Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishib, ko‘nglimdan ikkita o‘kinch o‘tdi. Birinchidan, shunday ulug‘ tariximiz bo‘la turib, uni dunyoga ko‘rsatolmagan ekanmiz. Qolaversa, dunyo bo‘ylab insoniyatni maftun qiladigan madaniy merosimiz sochilib yotgan ekanu, ularni bir joyga yig‘ish, shu nodir buyumlarni bizning bobolarimiz yasagan, ijod etgan, ixtiro qilgan, deb ko‘rsatish haqida o‘ylamabmiz.

 

Holbuki, sovet zamonlari zulmini chiqarib tashlaganda ham Sharof Rashidovdan keyingi, milliy masalalarda sal-pal nafas olish imkoniyati yuzaga kelgan davrlardan buyon bu mamlakat tepasiga nechta rahbar keldi?! Nega biz, hatto, mustaqillik yillarida ham bu ishlarga kirishmadik. Nega? Nega? Nega?.. Pulimiz yo‘qmidi? Axir ustimizga bugun osmondan boylik yog‘ilmadi-ku. Paxtamiz ham, oltinimizu gazimiz ham o‘sha-o‘sha-ku... Unda nima uchun bu ishlarni ilgariroq qilmadik, kimdan, nimadan qo‘rqdik?!

 

Tabiiyki, bunday o‘y-fikrlar odamda tarix va o‘tgan ajdodlarning pok ruhi oldida aybdorlik hissini tug‘diradi. Qolaversa, boy berilgan vaqt, befarqlik, buyuk tarix va madaniyatga mensimay qarash odamning ko‘ng­lida, yuqorida aytganimdek, alamni qo‘rlantiradi...

 

Ammo bu ko‘hna dunyo hikmatlarga to‘la. Ko‘ngildagi g‘am, dildagi g‘ussani kutilmaganda qandaydir g‘ayritabiiy bir hodisa yuvib tashlab, nafaqat sizning qalbingizni, balki butun olamni charog‘on aylashi mumkin. Shu maʼnoda bugun biz Shavkat Mirziyoyevning millatga, vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati, o‘z ona xalqi oldidagi farzandlik burchiga bo‘lgan sadoqatini kechagi kun xatolari, xalqning dilidagi anduhlarni yuvib ketadigan tolening bir inoyatidek qabul qilsak, adolatdan bo‘ladi, albatta.