Quldortepa topilmalari: Xan sulolasi oynasi, Sug‘d tangalari

Quldortepa topilmalari: Xan sulolasi oynasi, Sug‘d tangalari

Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan Quldortepa yodgoroligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida ibodatxona qoldiqlari, devoriy suratlar, archadan yasalgan ustun, qadimiy oyna va tangalar topildi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti maʼlum qildi.

 

Maʼlumki, Quldortepa yodgorligi qadimda Xitoy manbalarida Mi yoki Mimoxe, arab-fors manbalarida esa Maymurg‘ nomi bilan tilga olingan.

Quldortepa topilmalari: Xan sulolasi oynasi, Sug‘d tangalari

Institut direktori Mo‘minxon Saidov so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda yodgorlikda O‘zbekiston, Yaponiya va Germaniya olimlarining hamkorlikda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ilk o‘rta asrlarga oid ibodatxonaning sig‘inish xonasi, ustunli ayvon va yo‘lakli xonalar o‘rni ochib o‘rganildi. Eng muhim topilmalardan biri ibodatxonaning oldingi qurilish davriga oid xona devorlarida saqlanib qolgan suratlardir. Oq fon ustiga qizil va qora rangda ishlangan bu tasvirlarda geometrik naqshli friz bezaklari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxonadan uzunligi 4,75 metrli archa ustun, Xitoyning Xan sulolasi davrida ishlab chiqilgan oyna hamda Sug‘d hukmdori Ukkurt Chamuk tangalari aniqlandi.

Quldortepa topilmalari: Xan sulolasi oynasi, Sug‘d tangalari

Ayni paytda Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan topilgan devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotchilar fikricha, Quldortepa topilmalari ilk o‘rta asrlarda Sug‘dda kechgan diniy jarayonlar, meʼmorchilik va madaniy anʼanalar haqida yangi va muhim maʼlumotlar beryapti.

Quldortepa topilmalari: Xan sulolasi oynasi, Sug‘d tangalari