325 dona qadimiy tanga va buyumlar asrab qolindi

325 dona qadimiy tanga va buyumlar asrab qolindi

Yaqinda Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari tomonidan koʻp miqdordagi qadimiy boyliklar Oʻzbekiston hududidan olib chiqib ketilishining oldi olindi.

 

Bojxona qo'mitasi ma'lum qilishicha, “Toshkent-Novosibirsk” reysi boʻyicha yoʻlovchi poyezdida respublikamizdan chiqib ketayotgan fuqaroning qoʻl yuki va sumkalari ichida 325 dona qadimiy tangalar, zargarlik buyumlari, artefaktlar, girya va kamon oʻqi uchlari borligi aniqlandi. Ushbu tarixiy ashyolar tarkibidagi 210 dona tangalarni oʻzbek davlatchiligi tarixida vujudga kelgan deyarli barcha davlatlarga taalluqli tangalarning oʻziga xos kolleksiyasi, deyish mumkin.

 

Sanʼatshunoslik ekspertizasi xulosasiga koʻra, mazkur qadimiy ashyolar eramizdan avvalgi II-I asrlardan tortib toki XX asrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Shu boisdan ularning barchasi tarixiy va madaniy qiymatga ega deb topildi va taxminiy bahosi salkam 400 mln soʻmga baholandi.

325 dona qadimiy tanga va buyumlar asrab qolindi

“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Bojxona qoʻmitasi madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi vakolatli idora hisoblanadi. Mazkur qonunning 8-moddasiga binoan ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas!

 

Qo'mita ushlab qolingan mazkur tarixiy buyumlarni Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga vaqtincha saqlovga topshirdi.