Animalistik miniatyura: Ikki o‘rdak va bir toshbaqa hikoyasi

Animalistik miniatyura: Ikki o‘rdak va bir toshbaqa hikoyasi

O’zbekiston fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo’yozmalar kolleksiyasi Markaziy Osiyo va Shimoliy Hindiston turli maktablarining urf-odatlarini aks ettirgan san’at miniatyuralari durdonalari hisoblanadi.

 

Kolleksiyadan joy olgan “Kalila va Dimna” qo’lyozmasidagi miniatyuralar Hirot maktabiga tegishli. 

 

“Kalila va Dimna” qadimgi hind yodgorligi “Panchatantra” asosida yaratilgan hikoyalar jamlanmasidir. 

 

Qo’yozmaning o’zi XV asr birinchi yarmiga oid. Nasta’liq xatida bitilgan. Xattot ismi noma’lum. Miniatyuralar aftidan Boysung’ur Mirzo ustaxonalarida yaratilgan. Kamida ikkita rassom tomonidan ishlangan, ulardan biri odamlar aks etgan kompozitsiyalarni, ikkinchisi esa hayvonlar haqidagi masallar bilan bog’liq syujetlarni yaratgan. Aytish kerakki, ikkinchi rassom hayvonot olami bo’yicha mutaxassis. U hayvonlar, qushlar yoki ilonlarning faqatgina aniq tasvirini ko’rsatibgina qolmay, ularning sakrashi, uchishi, sudralib yurishini aniq aks attirgan. Bunday miniatyuralar yonida “Qori Rustambek” (Rustambek tayyorlagan) yozuvi mavjud. Bu taniqli animalist (hayvonlarni tasvirlaydigan rassom)ning ismidir. 

 

Qo’lyozmadagi miniatyuralarning biriga to’xtalamiz: “Kalila va Dimna”dagi Tatavaning toshbaqa haqidagi hikoyati tasvirlangan. Hikoya mazmuniga ko’ra, bir ko‘lda ikki o‘rdak va bir toshbaqa yashardi. Qo‘shni bo‘lgani uchun ular bir-birlari bilan do‘st va ittifoq edi. Birdan ularning tinch turmushi buzildi. Ko’ldagi suv kamaya boshladi. O‘rdaklar bu yerdan ketmoqchi bo’lib, toshbaqa bilan vidolashdi. Toshbaqa bu gapni eshitib, nola qildi va ko‘z yoshlarini oqizib: — Ey, mening aziz do‘st va mehribon birodarlarim! Suvning ozayishi men uchun yana ham dahshatlidir, men suvsiz yashay olmayman. Endi muruvvat vaqti keldi, meni ham xalos etmoq uchun bir tadbir ko‘ringlar”, dedi. O‘rdaklar ham toshbaqadan ayrilish va hijron dardini chekish ular uchun yana-da og’irligini aytib: “Lekin sen do‘stlaring nasihatlariga quloq solmaysan, o‘z foydangni tushunmaysan. Seni ham birga olib ketishimizni xohlasang, bir shartimiz bor: osmonga ko‘tarilgandan keyin bizni kim ko‘rmasin va nima demasin, indamaysan, og‘izni mahkam yumib ketaverasan”, deyishdi. Toshbaqa o’rdaklar aytgan shartga ko’nadi, “Aytganingizni qilaman: tishimni tishimga qo‘yib, hech nafasimni chiqarmayman”, deydi. 

 

O‘rdaklar bir novda topib keltiradi. Toshbaqa uning o‘rtasidan tishlaydi, o‘rdaklar ikki boshidan tishlab osmonga ko‘tariladi. Odamlar ularni ko‘rib taajjub bilan o‘ng va so‘ldan: “O‘h-hu, anavini qaranglar, o‘rdaklar toshbaqani uchirib olib ketyapti”, deb qichqira boshlaydi. Toshbaqa bir muddat indamay boradi, keyin o‘zini tuta olmay, “ko‘rolmaganlarning ko‘zi chiqsin” demoqchi bo‘lib og‘iz ochgan edi hamki, yerga tushib chilparchin bo‘ladi. 

 

O‘rdaklar bu voqea hammaga ibrat bo‘lsin deb uni har yerda gapirib yuradi.

Animalistik miniatyura: Ikki o‘rdak va bir toshbaqa hikoyasi