Afgʻonistonning Mozori Sharif shahridagi Alisher Navoiy haykali mahalliy hokimiyat tomonidan butunlay vayron qilingan. Bu haqda mahalliy Amu.tv nashri yozdi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
“Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining buzib tashlangani haqida maʼlum bo‘lishi bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izohlar olish maqsadida Afg‘oniston hukumati vakillari bilan bilan tezkor ravishda bog‘landi.
Olingan maʼlumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida taʼkidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirdi”, deyiladi TIV munosabatida.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston hukumati vakillari Navoiy xotirasini asrab-avaylash, uning nomini munosib eʼzozlashga sodiqligini bildirgan holda, mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga vaʼda bergan.
2023-yilda Navoiyga atab qurilgan boshqa bir yodgorlik ham buzib tashlangandi. O’shanda bu holat nomaʼlum shaxslarning o‘zboshimchalik bilan qilgan harakati natijasi, umumiy tarixiy va madaniy merosga zarar yetkazish, deb baholangandi. Afg‘oniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini maʼlum qilgandi.
