Hindistonning Buxorosi — Rampur shahridagi "Kitoblar Toj Mahali" — Raza kutubxonasida saqlanayotgan O'zbekistonga oid adabiy meros — "Temuriylar nasabnomasi"dagi miniatyuralar turkumi bilan tanishtirishda davom etamiz.
Avvalgi maqolada Amir Temur saroyi nomli tasvirga yuzlangandik. Unda sohibqironning 12 avlodi tasvirlangan. Bu gal Boburiylarning to'rtinchi vakili Nuriddin Muhammad Jahongir tasvirlangan miniatyuralarga to'xtalamiz.
Jahongir taxtda
Jahongir ibn Shoh Akbar 1605-1627-yillarda Hindistonda hukmronlik qilgan. Uning davrida alohida qog‘oz-lavhalarga mustaqil mavzuga bag‘ishlangan miniatyuralar ishlash keng odat tusiga kirdi. Manbalarda yozilishicha, u shu darajada rassomlikni yaxshi tushungan-ki, hamkorlikda ishlangan miniatyuralarda qaysi rassom, nimani ishlaganligini adashmay aytib bera olgan. Saroyda maxsus nigorxona tashkil qilib, eng mo‘tabar mehmonlarga rassomlar asarlari bilan shaxsan o‘zi tanishtirgan.

Ilon va o'rgimchak jangi
Ushbu asarda ot ustida o'tirib, ilon va katta o'rgimchak o'rtasidagi jangni kuzatayotgan Jahongir surati aks etgan. Hukmdorning o'zi bu voqeani shunday tasvirlab bergan: "Ali masjid va G'aribxona atrofida sayohat qilib, dengiz qisqichbaqasiday katta o'rgimchakni ko'rdim. U odam tirsagiga bir yarim baravar keladigan uzunlikdagi ilonni bo'g'ib, uni deyarli o'ldirgan edi. Men tomosh qilish uchun bir muddat to'xtadim va bir lahzadan keyin ilon jonini topshirdi". Hodisa Jahongir, Lahorga ketish yo'lidagi Haybar dovonidan oshib o'tayotganida, hijriy 1016-yil/milodiy 1607-yilda sodir bo'lgan. Manohar qalamiga mansub.

Ziyorat
Navbatdagi asarda Jahongir va shahzoda Hurram (keyinroq imperator bo'lgan Shohjahon) Ajmer shahridagi ulug' zot, Xoja Muiniddin Chishtiy maqbarasini ziyorat qilish payti tasvirlangan.
Jahongir Ajmerda uch yil yashab, shu vaqt ichida ushbu maqbarani 9 marta ziyorat qilgan.

Ziyofat
Bu asarda taxtda o'tirgan Jahongirga ziyofat paytida yosh yigit lagan ustida kichik bir piyolani uzatayotgan holati tasvirlangan.

Suv sachratish bayrami
Keyingi asarda hijriy 1023-yil Tir oyining 13-kuni/milodiy 1614-yil 25-iyunda odamlar bir-birlariga gulob sepib xursandchilik qiladigan Ab-pashi (suv sachratish) bayramini nishonlayotgan Jahongir tasvirlangan.

Goadan sovg'a: maymun, kurka, tustovuq
Yana bir asarda 1612-yilda Hassu nomi bilan tanilgan Shayx Hasan Muqarrabxon tomonidan Goadan olib kelingan va imperator Jahongirga hadya qilingan maymun, kurka va yovvoyi tustovuq (tazarv) tasvirlangan. Voqea tunda peshayvonda bo'lib o'tgan. Xufiya (xos yordamchi) imperator oldida tiz cho'kib turibdi, uning chet eldan keltirgan sovg'alari kompozitsiyaning pastki qismida.

Eslatib o'tamiz, "Mirot al-Ashboh Salotini Osmonjoh" (yoki "Temuriylar nasabnomasi") muallifi — Muhammad Fahriddin Husayn Dehlaviy. Asar Bahodirshoh-2 buyurtmasiga ko‘ra, hijriy 1266/milodiy 1849-1850 yillarda yozilgan. Suratlar G'ulom Alixon va Bobir Alixon tomonidan chizilgan. Qo‘lyozma 60 miniatyurani o‘z ichiga oladi.
